Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qaroriga ShARH

0
198
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarori sogʻliqni saqlashning xususiy sektorini rivojlantirishni har tomonlama davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlagan holda yanada ragʻbatlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, koʻrsatilayotgan tibbiy yordam hajmlarini kengaytirish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalarni yanada jalb qilish maqsadida qabul qilindi, deya xabar beriladi UZA saytida.  

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, sogʻliqni saqlash tizimi xususiy sektorini yanada rivojlantirish boʻyicha xususiy tibbiyot tashkilotlarining faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlashning xususiy sektorida koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini oshirishni nazarda tutuvchi keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. 

Oʻtgan davr ichida sogʻliqni saqlashning xususiy sektori tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari kengaydi, ularning soni 50 tadan 126 tagacha oshdi. Xususiy tibbiyot tashkilotlari stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari, 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar toʻlashdan, olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari va materiallari uchun bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan. 

Taʼkidlash joizki, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan mikrofirmalar va kichik korxonalarning davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq toʻlovidan ozod etilishi qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni rivojlantirishni tezlashtirish imkonini berdi. 

Natijada xususiy tibbiyot muassasalarining soni 440 taga koʻpayib, ularning umumiy soni 4 mingdan oshdi. Ikki mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. 

Shu bilan birga, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, davlat tibbiyot muassasalarining alohida funksiyalarini sogʻliqni saqlashning xususiy sektoriga berish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, sogʻliqni saqlash sohasida tibbiy turizm va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, tibbiy kadrlar malakasini respublikada va chet elda oshirish, xususiy sogʻliqni saqlash sektorini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga integratsiyalash, shuningdek, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini joriy etish masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda. 

Aynan shu masalalarni hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorning muhim ahamiyatga egaligi shu bilan tasdiqlanadiki, unda davlat tibbiyot tashkilotlarining yordamchi boʻlinmalarini (oziq-ovqat bloklari, kir yuvish xonalari, tibbiy chiqindilarni yoʻq qilish va h.k.) xususiy sektor vakillariga berish orqali davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, xususiy tibbiyot tashkilotlariga shartnoma asosida davlat tibbiyot tashkilotlarining baʼzi bir tibbiy xizmat turlari (laboratoriya, gemodializ, sterilizatsiya va boshqalar) ham oʻtkaziladi. Ularning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. 

Qaror bilan 2018-2019 yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish boʻyicha loyihalarning tibbiy ixtisoslik turlari, moliyalashtirish manbalari va hajmlari koʻrsatilgan manzilli roʻyxati tasdiqlangan. 

Qoʻyilgan masalalarning muhimligi bois, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qoʻmitasi bilan birgalikda manzilli roʻyxat loyihalari tashabbuskorlari zarur hujjatlarni taqdim etganda qurilishni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratish, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda, istisno tariqasida, davlat mulkidagi foydalanilmasdan turgan obyektlarni “nol” xarid qiymatida berish boʻyicha vazifalarni hal etish topshirilgan. 

Qarorning ahamiyatliligi yana shu bilan ifodalanadiki, unda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va “AKFA MEDLINE” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Toshkent shahrida Koreya Respublikasi yetakchi oliy tibbiy taʼlim muassasalaridan birining faoliyatini, Koreya Respublikasining tibbiyot markazlari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda “AKFA MEDLINE” MCHJ xususiy klinikasi negizida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish va mahalliy tibbiyot kadrlari malakasini oshirish Markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi hamda Koreya Respublikasining ilgʻor klinikalari va tibbiyot markazlari bilan, ularning diagnostika, davolash, servis va menejment masalalari boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatishdagi tajribasini oʻrganish va maxalliy tibbiyotga joriy etish va “AKFA MEDLINE” masʼuliyati cheklangan jamiyatining xududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanmoqda. 

Bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish maqsadida ularni amalga oshirish yuzasidan bir oy muddatda “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuzasidan vazifa topshirilgan. 

Taʼkidlash joizki, qishloq va olis tumanlardagi shifokorlarning taʼminlanganligini yaxshilash maqsadida qarorda tibbiyot tashkilotlarida mehnat qilayotgan shifokor-pensionerlarga pensiyani toʻliq miqdorda toʻlash nazarda tutilgan. 

Qarorda xususiy tibbiyot tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida urgʻu berilgan. Xususan, “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga har bir hudud uchun hajmi 1 million AQSH dollari miqdorida boʻlgan navbatdagi 14 million AQSH dollari hajmidagi transh kredit mablagʻlarini ajratish nazarda tutilgan. 

Bunda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xususiy tibbiyot tashkilotlari shifokorlarini malaka oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborishga hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga qaratiladi. 

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilgan. 

Qarorda tibbiyot kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashga katta eʼtibor berilgan. Ushbu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga ikki oy muddatda “Asaka” aksiyadorlik-tijorat banki qoshida tashkil etilgan nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xususiy tibbiyot tashkilotlari mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun xorijga yuborish tartibini tasdiqlash yuzasidan topshiriq berilgan. 

Shuningdek, qarorda yetakchi xususiy tibbiyot tashkilotlarining kadrlar va moddiy-texnik salohiyatidan oqilona foydalanish masalasiga ham alohida eʼtibor berilgan. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda shartnoma asosida xususiy tibbiyot muassasalaridan tibbiy kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalari talabalari, malakasini oshirayotgan amaliyotchi shifokorlar uchun oʻquv baza sifatida foydalanishni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqib, tasdiqlash va uni 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab joriy etish boʻyicha vazifa yuklatilgan. 

Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot tashkilotlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash maqsadida tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish konsepsiyasini hamda tibbiy turizmni yanada rivojlantirish, xorijiy fuqarolarning tibbiy xizmat olish uchun respublikaga kirishi uchun qulay sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi. 

Sogʻliqni saqlashning xususiy sektorini yanada rivojlantirish uning respublikamiz sogʻliqni saqlash tizimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishdagi salmogʻini soʻzsiz oshiradi. Bu esa, oʻz navbatida, ishonchli statistika maʼlumotlarini shakllantirish uchun yagona axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga boʻlgan extiyojni keltirib chiqaradi. Sogʻliqni saqlashning davlat va xususiy sektorlari oʻrtasidagi izchillikni taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idorlar bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini “Sogʻliqni saqlash” kompleks axborot tizimiga ulash, kelgusida esa ularni Yagona interfaol davlat xizmatlari portaliga integratsiyalash boʻyicha takliflarni tayyorlash vazifasi topshirildi. 

Umuman, mazkur qarorning amalga oshirilishi sogʻliqni saqlashning xususiy sektorini jadal rivojlantirish imkonini beradi. Bu esa, oʻz navbatida, aholining yuqori malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.