Oʻzbekiston va AQSH qoʻshma loyihasi imzolandi

0
213
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari (AQSH) oʻrtasida taʼlim taraqqiyotiga koʻmaklashish boʻyicha muhim kelishuv (DOAG) imzolandi. Ushbu loyiha Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbusning uchinchi qismini amalga oshirishga koʻmak beradi.

Hujjatni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, AQSH elchixonasining muvaqqat vakili Alan Melsar va USAID ning Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Juli Sausfild imzoladi.

Mazkur kelishuvga asosan, AQSH hukumati kelgusi besh yil davomida mamlakatimizga taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 50 million dollargacha mablagʻ ajratadi.

AQSH mazkur kelishuv doirasida Oʻzbekistonda taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ushbu mablagʻning 19,5 million dollarga teng boʻlgan birinchi qismini ajratdi.

Mazkur ikki tomonlama kelishuv AQSH va Oʻzbekiston hukumatlari oʻrtasidagi birinchi keng qamrovli grant shartnoma boʻlib, u Amerika Qoʻshma Shtatlarining yurtimiz taʼlim sohasidagi taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash borasidagi uzoq muddatli majburiyatini belgilaydi.

Ushbu bitim asosida moliyalashtirilgan tadbirlar boshlangʻich maktablarda oʻqish va matematikadan dars berish natijalarini yaxshilash, axborot texnologiyalaridan foydalanish hamda ingliz tilini oʻqitishda Oʻzbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Xususan, loyiha Xalq taʼlimi vazirligining oʻquvchilarning axborot texnologiyalari sohasida bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan “IT Nation” tashabbusini amalga oshirishda ilmiy asoslangan strategiya yaratishda koʻmak beradi.

Eʼtiborlisi, ushbu loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning uchinchi qismini amalga oshirish hamda yangi tizimda ijtimoiy, maʼnaviy va maʼrifiy ishlarni tashkil etishda oʻz hissasini qoʻshadi. Eslatib oʻtamiz, besh tashabbusning uchinchi yoʻnalishi aholi va yoshlarni kompyuter hamda internetdan samarali foydalanishini tashkil etishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, taʼlim sohasidagi muammolardan biri oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini obʼektiv baholash vositalarining yoʻqligidir. USAID agentligi koʻmagida yurtimiz umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida oʻqish va matematika (EGRA i EGMA) fanlari boʻyicha tadqiqot ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar oʻgʻil-qizlarning bilimidagi boʻshliqlarni aniqlashga yordam beradi va ushbu muammolarni bartaraf etish choralarini koʻradi. Mazkur loyihaga USAID qoʻshimcha $1,5 mln. ajratadi.

Shuningdek, USAID agentligi mazkur loyiha davomida Xalq taʼlimi vazirligiga zamonaviy taʼlim usullarini joriy etish yoʻllari bilan bir qatorda mamlakatimiz maktablarida ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishda yordam beradi. AQSHlik hamkorlar bu loyihani amalga oshirish uchun yana $5 mln. taqdim etadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan. Mazkur loyiha konsepsiyada nazarda tutilgan maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.