Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi munosabatlar qamrovi keng. Mamlakatimiz 1992 yil 2 martda ushbu jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilotga aʼzo boʻldi. Oʻtgan davrda tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi xavf — xatarlarga qarshi kurashish, ekologik muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida Oʻzbekiston BMT bilan izchil hamkorlik qilib keladi.
Koka-Kola jamgʻarmasi Orol dengizi boʻyicha BMTning Qoʻshma dasturi doirasida Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir tumanida suv taʼminotini takomillashtirish boʻyicha loyihaga 100 000 AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritmoqda.
BMTning maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda jahon aholisining 40 foizdan koʻprogʻi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda, sayyoramizda istiqomat qiluvchilarning 884 million nafari toza suv taʼminotidan mahrum va daryo havzalari hududida yashovchi 1,7 milliarddan koʻproq odamlar qoʻshimcha chuchuk suv manbalariga ehtiyoj sezmoqdalar.
Orol dengizining qurishi natijasida Qoraqalpogʻistonda ham bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar vujudga kelgan. Natijada mahalliy aholining faqatgina 50,8 foizi suv taʼminotining markazlashgan tizimi xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega. Uzoq tumanlarda istiqomat qiluvchilar esa joylarda oʻrnatilgan suv manbalari orqali, hamda chuqurligi 400-500 metr boʻlgan artezian quduqlaridan olinadigan suvni isteʼmol qilishmoqda. Hozirgi vaqtda Taxtakoʻpir tumanining “Atakoʻl” qishloq fuqarolar yigʻinining “Makpalkoʻl” ovulida ichimlik suvini faqatgina qoʻl nasoslari yordamida yoki qishloq fuqarolar yigʻiniga olib kelinadigan sisternalardan olish imkoni mavjud. Bu esa salomatlik va sanitariya borasida muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Koka-Kola jamgʻarmasi hamda Global suv resurslari muammolari boʻyicha tashkiloti (Global Water Challenge — GW) hamkorligi natijasida amalga oshirilayotgan Yangi Olam Dasturining (New World Program — NWP) moliyaviy koʻmagida ish boshlaydigan “Orolboʻyidagi qishloq hududlarida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash” nomli yangi loyiha 2018 yilning oxirigacha suvni taqsimlash stansiyasini tiklash boʻyicha qator tadbirlarni oʻtkazishni nazarda tutadi. Stansiyada taʼmirlash ishlari yakuniga yetgach va yangi zamonaviy uskuna oʻrnatilgach 1 948 nafar kishi oʻz ehtiyojlari uchun toza artezian suvidan foydalanish imkoniga ega boʻladi.
BMT Taraqqiyot dasturi, Qoraqalpogʻiston Vazirlar kengashi hamda Taxtakoʻpir tumani hokimiyati ishtirokida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha NWP tashkiloti tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi.
Yangi Olam Dasturi (New World Program — NWP) nima? “Yangi dunyo: Insonning barqaror inklyuziv rivoji tashabbuslari” dasturi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM)ni qoʻllab-quvvatlash orqali barqaror jamoalarni qurishga qaratilgan yetakchi dastur hisoblanadi. U 2014 yildan buyon BMT Taraqqiyot Dasturining Koka-Kola jamgʻarmasi bilan hamkorlik mexanizmi sifatida fuqarolik jamiyati tashkilotlari (nodavlat, jamoat tashkilotlari)ni innovatsion, oʻzida bir qator masalalarni qamrab oluvchi, jumladan BMTning BRM sari suv va sanitariya muammolarini bartaraf etish maqsadida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Yangi loyiha doirasida stansiyani toʻlaqonli ishini taʼminlash va suv taʼminoti tizimidan doimiy foydalanishni amalga oshirish uchun Tashabbus guruhi tashkil etiladi. Mahalliy aholi va tuman maʼmuriyati ishtirokida oʻquv maskanlari va tibbiyot muassasalarida sanitariya va gigiyena qoidalari masalalari boʻyicha turkum treninglar va seminarlar tashkil etiladi. Mazkur loyihani joriy qilish tajribasi boshqa aholi turar joy maskanlari uchun ham foydali boʻlishi, Orolboʻyi mintaqasida inson salomatligi xavfsizligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshishi kutilmoqda.
Malika Musayeva,
BMT Matbuot xizmati