Tehron shahridagi “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Eron Prezidentiga ushbu mamlakatga tashrif bilan kelish taklifi hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratishlari taʼkidlandi.
Prezidentlar oʻzaro savdo hajmini oshirish, transport va logistika sohasida hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyoni Eron bilan bogʻlovchi eng qisqa transport-logistika yoʻlaklaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.
Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika va tibbiyot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, sanoat qurilish materiallari, mashinasozlik, uskunasozlik va elektrotexnika tarmoqlarida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralari koʻrib chiqildi.
Agrar yoʻnalishda issiqxonalar tashkil etish, qishloq xoʻjaligi uskunalarini ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bogʻdorchilik va baliqchilikda, qurgʻoqchilikka chidamli ekin turlarini seleksiya qilishda tajriba almashish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniy, ilmiy-innovatsiyaviy aloqalarni kengaytirishga intilishini qayd etdilar. Ikki mamlakat hukumatlari ishbilarmonlar va olimlar oʻrtasidagi muloqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi.
Xalqaro terrorizm, narkotrafik, kiberterrorchilik, odam savdosi kabi global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda tomonlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar Oʻzbekiston-Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston rahbarining Eronga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga koʻtarishga qaratilgan.
Prezidentlar tor doiradagi uchrashuv yakunlarini yuqori baholadilar hamda kuni kecha Oʻzbekiston va Erondan 200 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirokida oʻtgan biznes-forum natijalarini olqishladilar.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida konstruktiv muloqot va parlamentlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlik olib borilayotgani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy sohada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani kuzatilmoqda. Mamlakatlarimizning transport-tranzit kommunikatsiyalaridan foydalanishni kengaytirish ishbilarmonlik aloqalarining faollashishi va yuk tashishlarning ortishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, jumladan, Buxoro viloyati va Hamadon ustoni, Samarqand va Isfaxon shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilayotgani qoʻllab-quvvatlandi.
Ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlarning koʻpayishi ishbilarmonlik aloqalari va oʻzaro sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fondlarida saqlanayotgan qadimgi qoʻlyozmalarni chuqur oʻrganish uchun qoʻshma ilmiy guruh tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari bir qator qoʻshma “yoʻl xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha topshiriq berdilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Bundan tashqari, tashrif doirasida hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.
Hukumatlar oʻrtasidagi imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Eron Milliy standart tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlik dasturi, Texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik boʻyicha Harakatlar rejasi shular jumlasidan.
Qoʻshma erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, farmatsevtika, transport va tranzit sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar qabul qilindi.
Shuningdek, Sport sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, Nizolarni hal etish va arbitraj toʻgʻrisida anglashuv memorandumi, Qayta sugʻurtalash sohasida hamkorlik boʻyicha fakultativ bitim va boshqa hujjatlar ham imzolandi.