Oʻzbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahriga xizmat safari uyushtirib, Pokiston kriket kengashi mutasaddilari bilan uchrashdi.
Oʻzaro muloqotda Oʻzbekiston kriket federatsiyasi va Pokiston kriket kengashi oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, har ikki terma jamoa oʻrtasidagi oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida ham kelishuvga erishildi hamda Aziz Mixliyev va Pokiston kriket kengashi raisi Ramiz Roja oʻrtasida mamlakatimizda kriketni rivojlantirish toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Ushbu memorandumga muvofiq, endilikda Pokiston kriket kengashi tomonidan kriket boʻyicha oʻquv-taʼlim ishlari amalga oshiriladi. Bunda asosan murabbiylar va kriketchilarimizning mahoratlarini oshirishga eʼtibor qaratiladi.
Pokiston kriket kengashi tomonidan maxsus dasturga muvofiq, mutaxassislar yuboriladi va ular tomonidan bosqichma-bosqich hakamlik va murabbiylik kurslari, turli darajadagi amaliy va nazariy oʻquv-yigʻinlari oʻtkaziladi. Bundan tashqari Pokistonning Lahor shahridagi kriket boʻyicha milliy mahorat markazida turli yoshdagi jamoalarimiz uchun oʻquv-mashgʻulotlari tashkil etiladi.