Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari shu kunlarda mamlakatlarimizda keng nishonlanayotgan mustaqillik bayramlari munosabati bilan bir-birini dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Oʻzbekiston-Qirgʻiziston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi 30 foizga oshdi. Faol hududlararo almashinuvlar davom etmoqda, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, transport aloqalari kengaymoqda. Muhim madaniy-gumanitar tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Suhbat chogʻida Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini joriy yil sentyabr oyida oʻtkazishga kelishib olindi.
Transport va energetika sohalarida mintaqaviy ahamiyatga molik ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan “Qambarota-1” GESini qurish loyihasini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash hamda ShHTning boʻlajak Samarqand sammiti kun tartibini muhokama qildilar.