Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladilar

0
29
marta koʻrilgan.

8 avgust kuni Oqoʻrda qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat madhiyalari yangradi. Ikki mamlakat yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar. Birgalikda suratga tushildi.

Shundan keyin Oqoʻrda qarorgohida ikki davlat  Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorligining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini taʼkidladi.

Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi oʻtkazilayotgani ham shundan dalolat beradi.

Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forumi va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2034 yilga qadar strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi tayyorlandi, tashqi siyosat idoralari rahbarlari raisligidagi kengash tashkil etilmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar, qoʻshma korxonalar soni besh barobar koʻpaydi, yuk tashish hajmi ortmoqda, yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Yoshlar siyosati va axborot maydonini shakllantirish sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda kompleks hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib olindi.

Ikki mamlakat parlamentlari palatalari ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etilishi qoʻllab-quvvatlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, oʻzaro bozorlarni shakllantirish va uchinchi mamlakatlardan importning oʻrnini bosish hisobiga yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maʼnoda, hukumatlarga oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish boʻyicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida joriy sammitga qadar umumiy qiymati 7 milliard dollarlik yangi bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqildi.

Ular orasida energetika, transport va logistika, metallurgiya, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalarida, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi loyihalar bor.

Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini jadallashtirish va u yerda korxonalarni joylashtirishga kelishib olindi.

Yirik loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish masalasi oʻrganiladi.

Tranzit yuk tashish uchun qulay sharoitlarni taʼminlash, qoʻshma logistika majmualarini qurish, ikki mamlakat oʻrtasida avtomobil va temir yoʻl yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Strategik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirishga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar. Hududlar forumini ikki Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish va uning birinchi yigʻilishini joriy yilning kuzida Samarqandda oʻtkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.