Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
96
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbatda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy iroda va bir-birini qoʻllab-quvvatlash tufayli Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarda mavjud ulkan salohiyat toʻliq roʻyobga chiqayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Hamkorlikning erishilgan yuksak darajasi qardosh mamlakatlar va xalqlar sherikligining yorqin namunasi ekani alohida qayd etildi.

Qisqa muddatda hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha ulkan natijalarga erishildi. Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor 2018 yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilindi, 15 mart kuni Ostonada uning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmi izchil oʻsib, iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar faollashdi. Aviaparvozlar soni, avtomobil va temir yoʻl tashuvlari, avtobuslar qatnovi koʻpaydi. Madaniy-gumanitar va sayyohlar almashuvi kengaymoqda.

Shu haqda soʻz borar ekan, qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surishnig samarali mexanizmi boʻlgan Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya faoliyati amaliy natijalar berayotgani taʼkidlandi.

Suhbatda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnilik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil mart oyida Ostonada boʻlib oʻtgan mintaqa davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida serqirra hamkorlikni kengaytirish hamda koʻp asrlik doʻstlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida qatʼiy azmu shijoatga ega ekanliklarini taʼkidladilar.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.