30 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbatda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani hamda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha birgalikdagi sermahsul ishlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 30 foizdan ziyodga oshdi. Oʻtgan oyda Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. 1-2 dekabr kunlari Samarqand shahrida ikki davlat hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning uchrashuvi boʻlib oʻtadi, unda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi joriy va istiqbolli kooperatsiya loyihalari koʻrib chiqiladi. Shuningdek, mamlakatlarimiz yetakchi sanoat korxonalari va kompaniyalari vakillari ishtirokida qator ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Hududlararo hamkorlik kengaymoqda. Gumanitar almashinuv sohasida uchinchi Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumining samarali natijalari qayd etildi.
Bundan tashqari, koʻp tomonlama formatdagi, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yetakchilar boʻlajak tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va doʻstona ruhda oʻtdi.