24 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi Prezidentimizni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat hamda Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yoʻlidagi davlatchilik faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, Vladimir Putin kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni doʻstlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida farmon imzolangani haqida xabar berdi. Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentiga Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho bergani va ularni yanada mustahkamlash masalalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Hukumatlararo darajada yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik mexanizmlari doirasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori surʼatini taʼminlash va ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida birgalikdagi faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari hududlar oʻrtasidagi samarali aloqalar va almashinuvlarni ham mamnuniyat bilan qayd etib, ularni yanada kengaytirish lozimligini taʼkidladilar.
Mintaqaviy kun tartibiga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.