Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Toyyip Erdoʻgʻon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muloqotda davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻtgan yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga va joriy yil aprel oyi oxiri – may oyi boshida Turkiya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tarixiy davlat tashriflari ikki tomonlama koʻp qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarib, aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi.
Oʻzaro siyosiy muloqot faol rivojlanib bormoqda, mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilmoqda, bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda, oʻzaro savdo hajmi ortmoqda: joriy yilning birinchi yarmida oʻzaro tovar ayirboshlash qariyb oʻttiz foizdan ziyod oshdi.
Turkiyaning yetakchi sanoat kompaniyalari va banklari bilan birgalikda mamlakatimiz hududlarida, avvalo ,yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish, energetika, transport-kommunikatsiya, logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharsozlik, bank-moliya sohalari va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal rivojlanmoqda.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalarini muhoqama qildilar, shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.
Muloqot soʻngida davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini, keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar deya xabar beriladi prezident. uz saytida.