Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
115
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanni tugʻilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta eʼtibori va saʼy-harakatlarini hamda qoʻshayotgan ulkan hissasini alohida qayd etdi.

Suhbat chogʻida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani hamda aniq amaliy mazmun baxsh etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston Prezidenti timsolida Oʻzbekiston – Turkiya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy birodar va hamfikrga ega boʻlganini alohida taʼkidladi.

Mazkur tarixiy tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm
va boshqa muhim sohalardagi yirik qoʻshma loyihalarni hayotga toʻliq tatbiq etish borasida kelishib olindi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlgʻusi oliy darajadagi tashrifiga tayyorgarlik koʻrish hamda muqaddam erishilgan kelishuvlarni bajarilishi masalalari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishini tashkillashtirish muhimligi eʼtirof etildi.

Suhbat chogʻida ikki mamlakat rahbarlari oʻzbek-turk hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar boʻyicha fikr almashdi.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik aloqalari hamda anʼanaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.