Oʻzbekiston va Vengriya Prezidentlari strategik sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

0
102
marta koʻrilgan.

Budapesht shahridagi Shandor saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Faxriy mehmonlar kitobida qayd qoldirdi, yetakchilar birgalikda suratga tushdilar.

Prezidentlar Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va oʻxshash mentaliteti doʻstona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi. Arminiy Vamberi va Isxak Ibragim kabi sharqshunos olimlar tarixiy rishtalarimiz va boy madaniy merosimizni oʻrganishga katta hissa qoʻshgani alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, siyosiy muloqot chuqurlashib, oʻzaro koʻmak davom ettirilayotgani, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.  

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobar oshgani taʼkidlandi.

Bu boradagi ishlarni faollashtirishda iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi va 3 oktyabr kuni Budapeshtda ikkinchi yigʻilishini oʻtkazgan Oʻzbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi muhim oʻrin tutmoqda.

Tomonlar Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qoʻshilgani oʻzaro savdoni salmoqli darajada koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladilar.

Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligini rivojlantirishda madaniy-gumanitar soha alohida oʻringa ega. Vengriya Hukumati “Xungarikum” dasturi doirasida oʻzbekistonlik talaba va doktorantlar uchun har yili ajratiladigan kvotani 170 tagacha oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgani aytildi.

Oʻzbekiston va Vengriya oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumini oʻtkazish maqsadga muvofiqligi koʻrsatib oʻtildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va oʻzaro koʻmakni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya Prezidentini oʻzi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.