Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yuqori darajada yoʻlga qoʻyish maqsadida Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi oldidan respublikamizda bir qator tadbirlar, uchrashuvlar, xotira kechalari oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida yurtimizda yashab ijod etgan nemis millatiga mansub Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq rassomi Georgiy Brimga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Kechani Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ochib, Georgiy Brimning oʻzbek teatr sanʼatida tutgan salmoqli oʻrni, teatr sanʼati dekoratsiyasini yaratishdagi yorqin ijodi haqida gapirdi. Georgiy Brim spektakllaridagi dekoratsiyalar bir-biriga oʻxshamasligi, ularni rang, shakl, nur va faktura asosida oʻziga xos talqin eta olganligi, teatr texnika va texnologiyasi hamda tasvir madaniyati sirlarini puxta egallaganida deya taʼkidladi.
Georgiy Brim 1995 yili mamlakatimizda oʻtkazilgan Navroʻz va Mustaqqillik bayramlarini, 1996 yili Samarqandda boʻlib oʻtgan Amir Temur hamda Mirzo Ulugʻbek tavalludiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarni, 1997 yilgi Sharq taronalari xalqaro festivali sahna dekoratsiyalarining yaratuvchisidir.
Uning ijodiy xayoloti, ssenografiyasi mahsuli beqiyos boʻlib, dramatik teatrlarda “Shox Edip», «Mariya Styuart», “Samandar», “Boy ila xizmatchi», «Men Chiliga ishonaman», “Qiyomat qarz”, “Qopqon”, «Tirik murda», “Kelinlar qoʻzgʻoloni», «Sahro tor», «Roʻyxatlarda yoʻq”, «Ibn Sino», «Buyuk ipak yoʻli» «Iskandar», «Kelinlar qoʻzgʻoloni», «Maysaraning ishi», «Qaroqchilar» spektakllariga dekoratsiyalar ishlagan boʻlsa, «Rigoletto», “Quvnoq urush”, «Karmen», «Boʻron”, «Otello», “Maysaraning ishi” operalariga ham rassomlik qildi.
G.Brim pedagog sifatidagi faoliyati davomida professor ilmiy unvoniga ega boʻldi. Juda koʻplab shogirdlar yetishtirdi. Ayni kunda uning qilgan ishlari shogirdlari ijodida davom etmoqda.