Oʻzbekiston xalq shoiri, atoqli davlat arbobi Halima  Xudoyberdiyevani xotirlab

0
1392
marta koʻrilgan.

Halima Ummatqulovna Xudoyberdiyeva 2018 yil 17 avgust kuni 71 yoshida vafot etgan edi. Bugun esa shoiraning porloq xotirasini eslab, qudasi Azizaxon opa doʻstu yoronlarini chorlab «Shirin» kafesida dasturxon yozdi. Bu tadbir oilaviy ahillikning, milliy qadriyatlarning timsoli boʻldi.

Soʻzga chiqqan safdoshlari, doʻsti yoronlari, shogirdlari shoiraning  ijod yoʻli, oilada milliy qadriyatlarni ulugʻlab yashagani,  davlat  arbobi va ustoz sifatida dillarda yorqin xotiralar qoldirgani haqida gapirishdi.

Davrani olib borgan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Dilbar Maxmudova Halima Xudoyberdiyeva oʻzbek sheʼriyatiga sevgi va sadoqat, mehr va muruvvat kabi samimiy insoniy tuygʻularni tarannum etuvchi shoira, oʻzbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida adabiyot maydonida porlagani haqida haqida gapirib, shoira  haqida yozgan mualliflik kitobidan satrlar oʻqib berdi.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimova shoiraning otashin sheʼrlaridan yod olib, chuqur mohiyatga egaligini, insoniy fazilatlari sheʼrlariga singganligini sharhlab berdi.

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Muqaddas Abdusamatova shoira oʻz ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning toʻlaqonli va faol aʼzolari, balki shu jamiyatning guli ekanligini tarannum etganligini taʼkidlab, shoiraga bagʻishlangan marsiyasini oʻqib berdi.

Darhaqiqat, Halima Xudoyberdiyevaning  «Ilk muhabbat», «Oq olmalar», «Chaman», «Suyanch togʻlarim», «Bobo quyosh», «Issiq qor», «Sadoqat», «Muqaddas ayol», «Bu kunlarga yetganlar bor», «Hurlik oʻti», «Toʻmarisning aytgani», «Yoʻldadirman» kabi 17 ta sheʼriy kitoblari nashr etildi.

«Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Ummatqul Xudoyberdi oʻgʻli va Shafoat Xonnazar qizi oilasida dunyoga kelgan. Eʼtibor bering, dunyoga kelishi ham dunyodan ketishi ham 17 raqamga toʻgʻri keladi. Oʻlimi ham 71 yoshda. Halima opam 7 raqamini juda qadrlardi. Shu raqam bilan bogʻlik hayotida koʻplab kunlar mavjud. “Dugonajonlar” jurnalining navbatdagi sonini nashrimiz muharririning hayoti, faoliyati va koʻpqirrali ijodiy fazilatlariga bagʻishlayapmiz”, dedi shogirdi Guljamol Asqarova.

Toshkent davlat universitetining (bugungi OʻzMU) jurnalistika fakulʼtetida birga oʻqigan kursdoshi, adiba Shaxodat Isoxonova shoiraning talabalik yillari, adabiyot maydoniga yonib kirib kelgani haqida soʻz yuritdi. Shoiraga bagʻishlangan gʻazalini oʻqib berdi.

 “Halima opa nafaqat adabiyot sohasida jurnalistika maydonida ham javlon urdi. «Saodat» jurnalida adabiy xodim, boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari va bosh muharrir sifatida ishlab jurnalistikaga ulkan hissa qoʻshdi. Oʻsha paytlar ayollarga bagʻishlangan bu jurnal qoʻlma qoʻl boʻlib ketardi”. Deya esladi Respublika xotin qizlar qoʻmitasi raisi boʻlib  ishlagan Dilbar Gʻulomova.

Darhaqiqat, Halima Xudoyberdiyeva Yoshlar nashriyotida boʻlim mudiri, «Yozuvchi» nashriyotida yetakchi muharrir, «Sanam» jurnalida bosh muharrir oʻrinbosari, «XXI asr» gazetasida boʻlim muharriri boʻlib ishlab, jurnalistika taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshdi.

Birinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati  boʻlib yonma-yon ishlagan, Oliy Majlis raisi oʻrinbosari boʻlgan Boʻritosh Shodiyeva Halima opaning Oʻzbekiston Xotin qizlar qoʻmitasi raisi (1990-94), davlat arbobi sifatidagi saʼy-harakatlari haqida otashin nutq soʻzladi.

 Haqiqatda, Halima Xudoyberdiyeva oʻz ijodida ayol xalq va mamlakatning kelajagiini taʼminlovchi, sogʻlom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi moʻjizaviy qudrat egasi ekanligini kuyladi. Oʻzbek ayollarining oʻy-xayollarini, orzu-intilishlarini samimiy va goʻzal ohanglarda tarannum etib, zamondoshlari qalbiga ayollarga nisbatan muhabbat va ehtirom tuygʻularini joylashga intildi.

«Nuroniy» fondi raisi oʻrinbosari Xayriniso Mirzojonova ushbu tadbirni uyushtirishda marhumning kudasi, doʻsti  Azizaxon opaga fond qoʻldosh boʻlganini, bu tadbir insoniy  mehr-muhabbat, ezgulik timsoli ekanligini taʼkidladi.

 Shoiraning ezgu amallari, ezgu soʻzlari  yod etilgach,  shoira xotirasiga Qurʼoni Karim tilovat qilindi.

Xalqimizning ardoqli va atoqli farzandi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson, katta oila bekasi, mehribon ona, yaqinlariga, singillariga, farzandlariga, kuda-andalarga gʻamxoʻr boʻlgan  Halima Xudoyberdiyevaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Gujum. Uz sayti tahririyati ham shoiraning oila aʼzolariga, yaqinlariga chuqur taʼziya bildirib, sabr- toqat tilab, Ollohdan oxirati obod boʻlishini soʻrab  qoladi.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.