Oʻzbekiston xalqaro “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da 180 mamlakat orasida 140-oʻrinni egallagan

0
134
marta koʻrilgan.

 Kecha Oliy Majlis Senatida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy va hududiy kengashlari aʼzolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari onlayn va oflayin ishtirok etdi.  
 
Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva kirish soʻzi bilan ochdi:  
 
— Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida korrupsiyaga moyil boʻlgan soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiya omillarining oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadlaridan biriga aylandi. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda “Korrupsiyasiz qonunchilik” tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda, inson omili taʼsirini va uning turli davlat xizmatlarini koʻrsatishga aralashuvini kamaytirish choralari koʻrilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilmoqda. 

Yaqinda «Transparency International» xalqaro tashkiloti 2021 yil uchun “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pogʻonaga koʻtarilib, 180 mamlakat orasida 140-oʻrinni egalladi. Mamlakatimiz 100 ballik indeks boʻyicha 28 ball toʻplagan. Oʻzbekiston dunyo miqyosida 5 yilda muhim oʻzgarishlarga erishgan davlatlar qatoridan joy oldi. Shubhasiz, indeks natijalari mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish ortga qaytmas tus olgani, ushbu illatga qarshi amaliy va taʼsirchan choralar koʻrilayotganidan dalolat beradi, — dedi Senat Raisi.   

Yigʻilishda qayd etilganidek, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida korrupsiyaga oid jinoyatlarni ochish darajasi oshdi. Misol uchun oʻtgan yili 2020 yilga nisbatan javobgarlikka tortilgan shaxslar va sud organlariga yuborilgan ishlar oʻrtacha 3 baravar oshdi. Har yili korrupsiya jinoyatlari natijasida davlatga yetkazilgan moddiy zarar undirilmoqda.  
 
Mamlakatimizda qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalarini “Korrupsiyasiz soha”ga aylantirish boʻyicha  loyihalar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.  
  
Majlisda 2021-2022 yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosining borishi, shuningdek, sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha «yoʻl xaritalari»da belgilangan vazifalar muhokama qilindi.  
 
Taʼkidlanganidek, davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik bazasi takomillashtirildi. Davlat xaridlari boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasi boʻlgan maxsus axborot portali (www.xarid.mf.uz) tashkil qilindi. Amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida 5,8 trillion soʻm tejaldi. 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab toʻliq elektron xaridlar yoʻlga qoʻyildi.   

Sogʻliqni saqlash sohasidagi “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida birlamchi tibbiyot muassasalariga “Elektron poliklinika” tizimi joriy etildi hamda 16 ta tibbiy xizmat raqamlashtirildi.  
 
Shuningdek, yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturlar, “yoʻl xaritalari” va boshqa chora-tadbirlar rejalarida belgilangan vazifalarning aksariyati bajarilmasdan qolayotgani, sohaga masʼul vazirliklar tomonidan “yoʻl xaritalari»da belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi tizimli tahlil qilinmayotgani qattiq tanqid qilindi.

Masalan, davlat xaridlari sohasida 2020 yilda qabul qilingan “yoʻl xarita”sida belgilangan vazifalarning 30 foizi bajarilmaganligi aniqlangan. Qolaversa, sohaga oid qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganda 16 ta hujjatning 12 tasida (75 foizi) 46 ta korrupsiyaviy omil mavjudligi aniqlangan.  
  
Majlis doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar faoliyatini kuchaytirish, ularni axborot, maslahat va uslubiy qoʻllab-quvvatlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Barcha sohada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, sohada parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, avvalo, insonlarning ongida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.   
 
Yakunda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.   

 Muhtarama Komilova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.