Muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, Siz, azizlarni bugungi qutlugʻ ayyom – Oʻzbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram boʻlsa, uning oʻzligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʻtabardir.
Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshgʻariyning: “Erdam boshi tildur”, yaʼni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan soʻzlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror moʻjizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.
Xalqimiz tafakkurining tiniq koʻzgusi boʻlgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.
Ulugʻ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, degan dono oʻgitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uygʻun va hamohangdir.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻzbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi oʻrni va taʼsirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Xususan, 21 oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yoʻnalishda 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.
Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targʻibot materiallarini davlat tilida eʼlon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda oʻzbek tilini bilish darajasi boʻyicha aniq talablar belgilanganini taʼkidlash lozim.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Markazda va joylarda davlat tilini oʻrgatish kurslari ish olib bormoqda.
Qisqa vaqt ichida besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, oʻndan ortiq sohaga oid atamalar lugʻatlari, oʻttiz jildlik “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.
Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham toʻplam nashrdan chiqayotgani, faol va isteʼdodli yoshlarimizning saʼy-harakatlari bilan Internet tarmogʻidagi oʻzbekcha maʼlumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.
Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham eʼtiborini qozonmoqda. Isteʼdodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlmoqda.
Xorijiy davlatlar oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani ham ona tilimizni keng targʻib qilishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi oʻzbek tilida soʻzlashmoqda. Koʻplab mamlakatlarda bu goʻzal va jozibali til katta ishtiyoq bilan oʻrganilmoqda.
Ayni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu yoʻnalishda olib borayotgan ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
Hurmatli doʻstlar!
Hammamizga ayonki, koʻp millatli xalqimizni yuksak maʼrifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yoʻlida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuygʻusini singdirishda oʻzbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.
Shu bois, Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.
Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdidlarga qarshi maʼrifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.
Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini oʻzbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmogʻidagi milliy segmentni yanada boyitish, oʻzbek va xorijiy tillar boʻyicha lugʻat va soʻzlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib boʻlmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni oʻzbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.
Shu maʼnoda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi soʻzlarni oʻz ichiga olgan bebaho lugʻat kitobini yaratgan maʼrifatparvar bobomiz Isʼhoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, degan hikmatli soʻzlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yoʻlimizni yoritadigan mayoq boʻlib xizmat qilishi kerak.
Fursatdan foydalanib, milliy oʻzligimiz va gʻururimiz timsoli boʻlgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.
Ona tilimizning soʻnmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti