Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi majlislar zalida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda bosh vazir Abdulla Aripov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida oʻtdi. Tadbirda Qoʻmitaning soʻnggi besh yillik faoliyati, Oʻzbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi hamda Taftish komissiyasining hisoboti eshitildi.
Yigʻilishda hozir davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 388 nafar xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani, uch mingga yaqin nomzodlar kadrlar zahirasiga kiritilgani, ularning kasbiy oʻsishlari yuzasidan alohida dasturlar asosida tegishli ishlar olib borilayotgani, qoʻmita qisqa davr ichida 8 ta davlat va 11 ta nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari hamda qoʻshma qarorlar qabul qilib, faoliyat yuritilayotgani, mamlakatimizda bandlik dasturlari asosida xotin-qizlar uchun yaratilayotgan doimiy ish oʻrinlari har yili ortib borayotgani va bu borada muayyan natijalarga erishilayotgani taʼkidlandi.
Biroq, boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda Oʻzbekistonda ayol-rahbarlar koʻrsatkichi juda past ekaniga eʼtibor qaratildi. Bosh vazir Abdulla Aripov shu yerning oʻzida vazirliklar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va berilgan takliflarni amalga oshirishga doir tegishli topshiriqlar berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ayollarni ishga joylash boʻyicha alohida dastur tayyorlash kerakligi, hozirgi dastur bilan ishsizlikni bartaraf etib boʻlmasligini taʼkidladi.
Muzokaralarda qator tashkilotlar rahbarlari va xotin-qizlar vakillari oʻzlarining aniq takliflari bilan soʻzga chiqishdi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasining yangi tahrirdagi Ustaviga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar koʻrib chiqildi va tasdiqlandi.
Konferensiya yakunida Tanzila Norboyeva Xotin-qizlar qoʻmitasi rahbarligiga 5 yil muddatga qayta saylandi.
Dilbar Bekchanova,
Konferensiya ishtirokchisi, tahrir komissiyasi aʼzosi