Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid tashabbusi bilan ajoyib ulashmaga start berildi. Yaʼni, KITOB OLING, UYDA QOLING shiori ostida poytaxtimiz va viloyatlardagi mahallalarga uyushma tomonidan chop etilgan kitoblar, niqob-u qoʻlqoplar ulashilmoqda.
Navbatdagi manzil Toshkent viloyati Qibray tumani Yangi Argʻin mahallasi boʻldi. Uyushmaning masʼul xodimi Joʻrabek Jahon va “Doʻrmon” ijod uyi direktori Asqar Ummatqulov Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Azim Suyunning umr yoʻldoshini yoʻqlab, ularning oila aʼzolariga shaxsiy himoya vositalari tarqatdi.
Shuningdek, masʼullar shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Koʻchimov, adabiyotshunos olim Sayfiddin Rofiddinov, shoir va tarjimon Tursun Ali, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, adib Qoʻchqor Norqobil hamda boshqa ijodkorlarning xonadonida boʻlib, ularning oʻzlari va oila aʼzolariga tibbiy niqobu qoʻlqoplar ulashdi.
“Doʻrmon” ijod uyida dam olayotgan yozuvchi-shoirlar va xodimlarga ham shaxsiy himoya vositalari berildi. Nega ularga kitob ulashilmadi, deysizmi? Chunki ushbu yozuvchi-shoirlarimizning har birining xonadonida kattagina shaxsiy kutubxonasi bor. Shuning uchun ham chellenjimizning ushbu qismida niqob va qoʻlqopning oʻzi tarqatildi.
Oʻzingizni va yaqinlaringizni tojdor virus balosidan asrang! Kitob oling, uyda qoling! Kuting, keyingi mahalla sizniki boʻlishi mumkin!
Fozil Jabborov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati rahbari