Xalqaro Mehnat Tashkilotining hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston hukumati odam savdosini bartaraf etish boʻyicha sezilarli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu chora tadbirlar qatoriga yillik paxta terimi davomida terimchilar uchun mukofot pulini oshirish va baʼzi davlat sektori xizmatchilarini terimga safarbar qilishdan ozod qilish, terimda bolalar kuchidan foydalanishni taqiqlash kabilar kiradi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti 2017 yildan boshlab terimda majburiy mehnatdan foydalanishning tadrijiy kamayayotganini aniqladi. Shunday boʻlsada, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro belgilangan minimal standartlarga hali toʻliq mos kelmaydi. Shu bois, Oʻzbekiston bu yil ham Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2-guruh maxsus kuzatuv roʻyxatida qoldi.
Hukumat majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi bosim yaratishga qaratilgan qishloq xoʻjaligi siyosatiga ijobiy oʻzgarishlar kiritdi. Jumladan, paxtakorlarning ish haqi 2017 yilga nisbatan 144 foizga oshirildi, talabalarni safarbarlik qilmaslik boʻyicha olingan majburiyatlarni toʻliq, oʻqituvchilar va tibbiyot xodimlarini safarbarlik qilmaslik boʻyicha olingan majburiyatlarni esa qisman bajardi. Hukumat XMT tavsiyalarini amalga oshirishda davom etib, paxta yetishtirish uchun ajratilgan yerlarni qisqartirdi va hosil terimini mexanizatsiyalash borasida ishlar olib bordi. 2017 yilda ishga tushirilgan uchta klasterdan tashqari, 2018 yilda hukumat paxtani yetishtirishdan tortib uni tayyor tekstil mahsuloti holatiga keltirib beradigan 13 ta xususiy tekstil klasterlarini ochdi.
Tashkilotning fikricha, hukumat fohishabozlik va transmilliy mehnatga jalb qilinganlarni aniqlash, ularga yordam berish va himoya qilish masalasida xali toʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirmadi. Hukumat 2018 yilda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning 208 nafar qurbonini aniqladi. Bu koʻrsatkich 2017 yilda 440 tani, 2016 yilda 714 tani, 2015 yilda esa 924 tani tashkil etgan edi. 208 nafar qurbonning 125 nafari ayollar, 83 tasi erkaklardan iborat boʻlib, odam savdosi bilan shugʻullanuvchilar 100 kishini fohishabozlik qilishiga va 100 nafarini majburiy mehnat bilan shugʻullanishiga sabab boʻlganlar.
Hukumat tomonidan Toshkent shahrida joylashgan odam savdosidan jabrlangan erkaklar, ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish markazi faoliyati uchun taxminan 666 million soʻm (80 140 AQSH dollari) miqdorda mablagʻ ajratildi, bu esa 2017 yildagi 540 milllion soʻm (taxminan 64 980 AQSH dollari) mablagʻga nisbatan koʻproqni tashkil etadi. Hukumat bu markaz orqali 2016 yilda 460 jabrlanuvchiga yordam koʻrsatgan boʻlsa, 2018 yilda faqat 195 nafar jabrlanuvchiga yordam bergan. Bu markaz boshpana, tibbiy, psixologik, xuquqiy va ish bilan taʼminlashda koʻmak koʻrsatib keladi.
Ichki ishlar vazirligi idoralararo odam savdosiga qarshi kurash komissiyasini tashkil etdi va komissiya mamlakatda roʻy berayotgan odam savdosi sabablarini tahlil qilib, jamiyatning odam savdosi haqidagi bilimlarini oshirish yuzasidan ishlar olib bordi. Oʻzbekistonda 2018 yilda oʻtkazilgan odam savdosi mavzusidagi soʻrovga koʻra, 76 foiz soʻrovga tutilganlar jabrlanuvchilarning oʻzlari odam savdosiga duchor boʻlganliklarida aybdor deb hisoblashlari aniqlandi. Hukumat transmilliy prostitutsiya va mehnat savdosi boʻyicha aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli harakatlarni amalga oshirib, bunda qator tadbirlar oʻtkazish, bosma axborot vositalari, radio va televideniye, koʻp holatlarda esa NNTlar bilan hamkorlik qilish va ularga bevosita koʻmak berish imkoniyatlaridan foydalanildi. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyaning 24 soatlik ishonch telefoni mavjud boʻlib, 2018 yilda 511 ta telefon qoʻngʻiroqlari kelib tushdi, ulardan 72 tasi odam savdosi qurbonlariga aloqador ekanligi aniqlandi.
Manba: uz.usembassy.gov