Odatda imkoniyati yetadigan, yigʻib-terganini toʻy bahona sarflaydigan yurtdoshlarimizga qarab, “Puli borda bemalol ishlatadi”, deb qoʻyamiz. Ammo topgan-tutganimizni behuda sarflash allaqachon jonimizga tekkan. Faqat buni oʻz hayoti misolida oʻrnak qilib koʻrsatayotganlar yetishmayotgan edi, xolos, deya xabar beriladi uza.uz saytida
Navoiy viloyatidan tadbirkor Nuriddin Habibov toʻrtta toʻyxona ishlarini yuritadi. Daromadi ham oʻziga yarasha. Ammo u kamtarona toʻyni maʼqul koʻrdi. Oʻgʻli Amriddin Razzoqovning nikoh toʻyiga bir yuz yigirma mehmonni taklif qildi. Qiziltepa tumanidagi “XXI asr” nomli toʻyxonada ixcham va fayzli oʻtgan toʻy Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kutgan toʻylarning biri boʻldi.
Tadbirkor yurtdoshimiz toʻydan oldin ushbu tumandagi maktab internati jamoasiga Navroʻz saylini oʻtkazishda homiylik koʻrsatgan edi. Bayram tadbiri davomida oʻquvchilarga oʻquv qurollari, bayram sovgʻalari ham ulashilgan.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi aʼzolari oʻz tengdoshlariga oʻrnak boʻlgan kelin-kuyovlarga yurtimiz boʻylab sayohat qilishi uchun sertifikat va kitoblar jamlanmasini taqdim etdi.