Oʻzbekistonda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga

0
176
marta koʻrilgan.
Aziz doʻstlar! 

Hurmatli mehmonlar! 

Shu kunlarda koʻp millatli xalqimiz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz Oʻzbekistonda istiqomat qilayotganining 80 yilligini nishonlamoqda. 

Oʻtgan asrning muhtojlikka yoʻgʻrilgan gʻoyat murakkab davri – 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida oʻn minglab koreyslar Uzoq Sharqdan Oʻzbekiston zaminiga kelib qolishgan. Oʻzbek xalqi oʻziga xos olijanoblik va bagʻrikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgan koreyslarga mehr koʻrsatdi, bagʻriga olib, boshpana berdi. 

Mehnatsevarligi, qatʼiy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz oʻxshashligi tufayli koreyslar Oʻzbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, koʻp millatli Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-eʼtibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi. 

Biz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – sanoat va qishloq xoʻjaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz. 

Ular yurtimizdagi choʻllarni oʻzlashtirishda faol ishtirok etdi, qiyin sharoitlarda qoʻriq yerlarga ishlov berdi, yerning tilini biladigan omilkor dehqon sifatida keyinchalik eng ilgʻorlar qatoridan joy olgan xoʻjaliklar barpo etdi. 

Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning shonli va fidokorona mehnati, Oʻzbekistonning har tomonlama taraqqiy topishi va farovon boʻlishiga qaratilgan bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz erishgan yutuqlar solnomasida yorqin sahifa boʻlib qoladi. 

Mamlakatimizda katta obroʻ-eʼtibor qozongan 283 nafar koreys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Ular orasida deputatlar, hukumat aʼzolari, xizmat koʻrsatgan fan, madaniyat va sanʼat arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor. Bular qatorida taniqli qishloq xoʻjaligi xodimlari Kim Pen Xva va Xvan Man Gim, Oʻzbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha taʼlim vaziri, senator Agrippina Shin, senator Valeriy Tyan, Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, boks boʻyicha jahon kubogi sohibi Vladimir Shin, rassom Nikolay Shin, akademik Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek va boshqalarni alohida eʼtirof etish kerak.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 200 mingdan ziyod koreys millati vakillari istiqomat qilmoqda. Ularning aksariyati oʻzbek tilida soʻzlasha olishi, madaniyatimizni yaxshi bilishini alohida qayd etish zarur. Buni biz oʻzbek xalqiga boʻlgan chuqur hurmat va ehtirom sifatida qabul qilamiz. 

Koreys diasporasi koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ajralmas boʻlagi boʻlib, anʼanaviy tarzda respublika miqyosida oʻtkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi. 

Joriy yilning iyun oyida poytaxtimizdagi «Doʻstlik bogʻi»da koreys diasporasi tomonidan saxovatli oʻzbek zaminidagi bagʻrikenglik, samimiylik va gʻamxoʻrlik, tinch va osoyishta hayot uchun minnatdorlik belgisi sifatida yodgorlik monumenti barpo etildi. 

Mamlakatimizda boshqa millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun ham oʻz milliy madaniyati, tili, urf-odat va anʼanalarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Misol uchun, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Samarqand davlat chet tillar institutida koreys filologiyasi oʻqitilmoqda. 

Oʻzbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi tomonidan bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, koʻrgazmalar, konsertlar, festivallar, ijodiy jamoalarning Oʻzbekiston boʻylab va xorijga gastrollari, yoshlar oʻrtasida turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda. 

Ayni paytda Toshkentda Koreya Respublikasi hukumati koʻmagida Koreys madaniyat va sanʼat uyi bunyod etilmoqda. Oʻylaymanki, u bizning tobora mustahkamlanib borayotgan doʻstligimizning yorqin timsoli, yoshlar va ziyolilarni oʻziga jalb qiluvchi maskan, madaniyatlarimizni oʻzaro boyitish markaziga aylanadi. 

Oʻzbekistonda Koreya Respublikasi bilan koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, koreys diasporasi bunga katta hissa qoʻshmoqda. 

Yaqin kunlarda Koreya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif rejalashtirilgan boʻlib, uning doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, jumladan, yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqiladi. 

Qadrli tadbir ishtirokchilari, Siz va sizning timsolingizda barcha koreys yurtdoshlarimizga umumiy uyimiz – jonajon Oʻzbekistonimiz taraqqiyoti va farovonligi yoʻlidagi fidokorona va samarali mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Barchangizga mustahkam sogʻliq, muvaffaqiyat, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Maʼruza Prezident.uz saytidan olindi

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.