Oʻzbekistonda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi

0
1662
marta koʻrilgan.

Ilk bora Oʻzbekistonda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari, faoliyat yoʻnalishi va vakolatlari nimalardan iborat?

OAV vakillari ushbu va boshqa  savollarga joriy yilning 19 fevral kuni Adliya vazirligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida javob olishdi. Tadbirda soha mutaxassislari, ekspertlar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan vazir lavozimiga maʼqullangan Rahmat Mamatov ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga muvofiq, har bir mahallada “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etiladi. Ushbu hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etildi.

Jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorligini oʻrnatish vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Farmonga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va vazirlik tuzilmasiga oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi rahbar organlarining ushbu tashkilotlarni tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) boʻlimlarini tugatish haqidagi qarorlari qabul qilindi.

2020 yil 1 apreldan boshlab, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtkaziladi.

Bunda, agentlikka FHDYo organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYo organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha funksiyalar yuklanadi.

Farmon bilan mamlakatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni samarali joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, mahalla tizimini rivojlantirish va jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etishning 2020-2024 yillarga moʻljallangan konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Fuqarolar yigʻini raisiga bir qator qoʻshimcha huquqlar berildi. Jumladan, fuqarolar yigʻini raisi tegishli hududdagi profilaktika inspektori faoliyatiga baho berish hamda uni ragʻbatlantirish yoki unga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Ichki ishlar vazirligi, hududiy ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda boshqarmalariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritish huquqiga ega boʻldi.

Farmon bilan, ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosariga – profilaktika inspektorlarini xizmat vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan ishga jalb etganlik uchun hududiy ichki ishlar organlarining rahbarlari va masʼul xodimlariga nisbatan bevosita intizomiy jazo choralarini qoʻllash vakolati berildi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga yuklatilgan 46 turdagi hamda profilaktika inspektorlariga yuklatilgan 13 turdagi vazifa va funksiyalar qisqartirildi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan tashqari funksiyalarni faqatgina davlat organlari va tashkilotlar bilan haq toʻlashni nazarda tutuvchi shartnoma asosida amalga oshirish huquqi berildi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tuzilmasida fuqarolar yigʻini raisining oʻrinbosarlari sanalgan ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha maslahatchi, tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga koʻmaklashish va obodonlashtirish ishlari boʻyicha maslahatchi, yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchi, keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchi lavozimlari tugatildi.

Quyidagi yangi lavozimlar kiritildi:

  • fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
  • fuqarolar yigʻini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari;
  • fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
  • oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis;
  • fuqarolar yigʻini raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi;
  • fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisi.

Shuningdek, quyidagi jamoatchilik tuzilmalari tugatildi:

  • yarashtirish komissiyasi;
  • maʼrifat va maʼnaviyat masalalari boʻyicha komissiya;
  • ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya;
  • voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari boʻyicha komissiya;
  • tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish masalalari boʻyicha komissiya;
  • jamoatchilik nazorati va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha komissiya;
  • “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi.

Bundan tashqari quyidagi komissiyalar tashkil qilindi:

  • oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi;
  • ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati boʻyicha komissiya.

Farmon bilan quyidagi lavozimlar joriy etildi:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasida Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimi;
  • viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokim oʻrinbosarlari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
  • tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida hokim oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimi.

Bosh vazir oʻrinbosari, Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari, tegishli hokim oʻrinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qoʻmitalari raisi lavozimlari tugatildi.

Farmonga koʻra, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi.

Vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari – Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari, hududiy boʻlinmalar boshliqlarining tegishli oʻrinbosarlari – Nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilanadi.

Shuningdek, endilikda fuqarolar yigʻini raisi besh yil muddatga saylanadi.

Mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.