Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha koʻplab shartnomalar imzolanmoqda.
“Rossiya tibbiyotida simulyasiya oʻqitish jamiyati” butun Rossiya jamoat tashkiloti aʼzosi Chindiyazov Aleksandr Yuryevich oʻz tashkiloti va hamkorlik loyihalarining kelajakdagi ahamiyati haqida gapirib oʻtdi.
֪– Bizning tashkilotimiz tibbiy taʼlim va amaliy tibbiy xizmatda simulyasiya texnologiyalarini tatbiq etishda koʻnikmalar va qobiliyatlarini ishga solish, sertifikatlash, bemorlar uchun xavfsiz tibbiy uskunalar texnologiyalarini tadqiq etish va sinovdan oʻtkazish uchun yordam beradi, –deydi A. Yuryevich. – Simulyasiyalar sohasi hozirda juda ommalashmoqda. Biz yosh kadrlarga malakali shifokor boʻlishlari va tajribalarini oshirish uchun sinovlarni odamlar yoki hayvonlarda emas, balki robotlar ustida olib borishlarini oʻrgatamiz.
Bu esa yosh shifokorlarga toʻgʻri tashxis qoʻyish va bemorlarni sifatli davolashlari uchun katta yordam beradi.
Soʻnggi 2-3 yilda Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz tobora kuchaymoqda.
Xususan, Toshkent pediatriya tibbiyot institut bilan hamkorlikda poytaxtingizda simulyasiya markazini qurish ustida muzokaralar olib bormoqdamiz.
Ushbu markaz jahon va Rossiya tajribalaridan kelib chiqqan holda quriladi. Oʻzbekiston va Rossiyaning oʻqitish tizimi deyarli bir xil boʻlganligi sababli oʻzaro bir birimizni tushunishimiz oson boʻladi. Shuningdek, mamlakatingizda mazkur soha boʻyicha markazlar barcha tibbiyot inistitutlarida mavjud boʻladi.
Taʼlim sifatini oshirishda simulyasion oʻqitishning qaytarish va koʻp marotaba kuzatish, imitatsion va virtual trening singari qator ustuvor yoʻnalishlari markaz faoliyatiga toʻliq tatbiq etiladi.
Hozirda bir qator oʻzbek shifokorlari bizning tashkilotda tajriba oshirishmoqda. Bu esa tez orada ikki mamlakat hamkorligida tibbiyot simulyasiyasi sohasi jadal rivojlanishiga sabab boʻladi.