Mamlakatimizga «Sputnik V» vaksinasining dastlabki partiyasi keltirildi. Vaksinani yurtimizga yetkazib berishda Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi amaliy koʻmak berdi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Taʼkidlash joizki, fevral oyining oʻrtalarida Oʻzbekiston N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasidan yurtimizda ommaviy foydalanish uchun sertifikatladi va tasdiqladi. Ushbu vaksinani sertifikatlash jarayoni ishlab chiquvchilardan kerakli hujjatlar, xususan, vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichi natijalarini olgandan keyingina boshlandi.
Oʻzbekistonga aholini emlash uchun olib kelinadigan «Sputnik V» vaksinasining yarmini vatandoshimiz tadbirkor Alisher Usmonov moliyalashtirdi.
Eslatib oʻtamiz, bizning mamlakatimizda aprel-iyun oylarida 4 millionga yaqin fuqaro COVID-19ga qarshi emlash rejalashtirilgan edi. 2021 yil oxiriga kelib, bu koʻrsatkich 7 millionga yoki mamlakat aholisining taxminan 20 foizigacha oʻsishi mumkin.
Bugungi kunda mamlakatimizda oʻzbek-xitoy va AstraZeneca vaksinalarining qoʻshimcha dozalarini olib kelish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.