Oʻzbekistonlik jurnalistlar YeXHT koʻmagida terrorizm va ekstremizm mavzusini yoritishga oid loyiha mashgʻulotlarida

0
300
marta koʻrilgan.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari kordinatori idorasi koʻmagida «Terrorizmga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining roli» deb nomlangan  loyiha asosida saboqlarni boshladi.

Loyiha doirasida toʻrtta trening oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlib, ulardan birinchisi Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes-markazida boʻlib oʻtdi. Malaka oshirish guruhida  mamlakatimizdan 22 nafar jurnalist qatnashdi.

Oʻquv mashgʻulotlarida  dastlab huquq-tartibot idoralari xodimlari Oʻzbekistonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari boʻyicha qonunchilik bazasi haqida tushuncha berishdi. Mavzuni yanada yorqinroq tushintirish maqsadida hujjatli film namoyish etildi. Amaliy mashgʻulotda jurnalistlar  oʻz xatosini anglab, mamlakatga qaytib kelgan va kechirilgan yigitning taqdiriga bagʻishlangan ushbu tasvirning yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishdi.

Terrorizm va ekstremizm mavzusini yoritishda katta tajribaga ega boʻlgan  jurnalist, «Novosti Uzbekistana» internet-nashri rahbari Viktor Mixaylov hamkasblariga mavzuning oʻziga xos tomonlari, uni yoritishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar haqida gapirib berdi.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi trenerlari, Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti oʻqituvchilari Beruniy Alimov va Nozima Toshpoʻlatova taqdimotlar, interaktiv oʻyinlar, testlar, soʻrovnomalar yordamida yosh jurnalistlarga oʻz ustida ishlash, huquq-tartibot idoralaridan maʼlumot toʻplash, yigʻilgan manbalardan unumli foydalanish, tahlil qilish, xulosa chiqara bilish pirovardida maqsadga erish yoʻllaridan saboq berishdi.

Loyiha ishtirokchilari ushbu mavzuga oid muammolarni  ochib berish borasida katta tassurotlarga ega boʻlishdi.Tadbir va undagi oʻzaro  muloqotlar yosh jurnalistlarning mavzuini yoritishdagi salohiyatini oshirishga munosib hissa qoʻshdi, desak arziydi. Shaxsan oʻzim ham ushbu mashgʻulotlardan mavzuni yoritishda  unitilmas saboqlar oldim.

Kamola HATAMOVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.