Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oliy taʼlim muassasalarining bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda tizimga oʻtish, jarayonni tashkil etish, turli tushunmovchiliklar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
OTMlarning bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtishi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash orqali akademik mustaqillikka erishishi, pirovardida malakali kadrlar tayyorlash va keng ilmiy-tadqiqot faoliyatini yoʻlga qoʻyish tajribasi rivojlangan davlatlarda anʼanaga aylangan.
Oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadigan OTMlarga taʼlim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda, muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish parametrlari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.
Mustaqil moliyalashtirish tizimiga oʻtadigan oliy taʼlim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.
Misol uchun, 2020 yildan oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtadigan OTMlar qariyb 17 ming talabani oʻqishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yildagi koʻrsatkichdan 20 foiz koʻp deganidir.
Maʼlum qilinishicha, oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimining joriy etilishi oliy taʼlimning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi va byudjet mablagʻlarining ajratilishini kamaytirmaydi. Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur boʻlgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor boʻlib qoladi.
2020 yilda respublikadagi OTMlarni moliyalashtirishga 7 trillion soʻmdan ortiq (2019 yilga nisbatan 50, 5 foiz koʻp) mablagʻ ajratilishi prognoz qilindi.
Hozirda OTMlar oʻz mablagʻlarini koʻp hollarda oldindan belgilab berilgan tartibda sarflashga majbur, yaʼni ajratilgan mablagʻ hajmiga muvofiq, 46,8 foizi oylik maosh uchun, 33,1 foizi stipendiyalarga, 11,5 foizi byudjet uchun ajratmalar va 8,6 foizi boshqa xarajatlar uchun sarflanadi. Yangi moliyalashtirish tizimiga oʻtadigan OTMlar esa yuqoridagi maqsadlar uchun qancha mablagʻ sarflashni mustaqil oʻzi belgilaydi.
Bunda, OTM yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va ularga koʻproq haq toʻlash, koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlarini belgilash, iqtidorli, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan boʻlgan talabalarni moddiy ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashi mumkin.
Qolaversa, oʻqitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy taʼminotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini, kitoblar, jurnallar, oʻquv adabiyotlarini xarid qilish va chop ettirish uchun mablagʻlarni mustaqil sarflay oladi.
Barno Meliqulova, OʻzA