Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari ham oʻz yakuniga yetdi. Sportchilarimiz bugun tantanali ravishda kutib olindi.
Delegatsiyamiz ushbu Paralimpiya oʻyinlariga 48 sportchi bilan 55 ta yoʻllanma qoʻlga kiritgan edi. Yakunda 19 ta medalga sazovor boʻlib, umumjamoa hisobida 162 delegatsiya orasida musobaqani 16-oʻrinda yakunladi. Oʻzbekiston jamoasi 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Bu koʻrsatkich Osiyo jamoalari (Xitoy, Yaponiya va Erondan soʻng) va MDH (Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin) mamlakatlari orasida toʻrtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar orasida birinchi boʻldi. Eslatib oʻtamiz, Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlarida ham sportsilarimiz 8 ta oltin medal bilan 16-oʻrinni band etgan edi.
Paralimpiya oʻyinlarining dastlabki yutugʻini yurtimiz terma jamoasi vakili Islom Aslanov boshlab berdi. Para-suzish bahslarida 57.12 soniya natija qayd etdi va bronza medaliga sazovor boʻldi.
Para-yengil atletika dasturining T11 klassida ayollar oʻrtasida uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Asila Mirzayorova esa delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi medalni qoʻlga kiritdi. U 4.91 metr natija koʻrsatgan holda 2-oʻrinni egalladi va kumush medalga sazovor boʻldi. Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlaridagi dastlabki oltin medalni 66 kg vazn toifasida kurashgan para-dzyudochimiz Uchqun Quronboyev armugʻon qildi.
Para-yengil atletikaning F12 toifasida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Elbek Sultonov bronza medaliga sazovor boʻldi. Uning dastlabki urinishda qayd etgan 15.94 metr natijasi yakunda shohsupaga koʻtarilishiga zamin yaratdi. Taʼkidlash joiz, bu Sultonov uchun yangi shaxsiy natija boʻldi.
Tokio-2020 Paralimpiadasi qahramonlari orasida para-dzyudochimiz Parvina Samandarova ham bor. U 57 kg vazn toifasida ishtirok etib, Olimpiadaning kumush medalini qoʻlga kiritdi.
Para-yengil atletikachimiz Mohigul Hamdamova esa oltin medalini qoʻlga kiritdi. F57 toifasida disk uloqtirish bahsida qatnashgan Hamdamova 31.46 metr natija qayd etdi. Ushbu dasturda qatnashgan boshqa hech qaysi sportchi bu koʻrsatkichga yaqin kela olmadi va Hamdamova Paralimpiya oʻyinlari chempioniga aylandi.
Para-dzyudochimiz Nafisa Sheripbayeva 63 kg vazn toifasida bronza medalini qoʻlga kiritdi. U oʻz ustunligida kechgan bellashuvda ippon bahosi bilan gʻalaba qozondi.
Para-dzyudochimiz Feruz Saidov delegatsiyamizning muvaffaqiyatli yurishiga munosib hissa qoʻshib, bellashuvda oltin medalni qoʻlga kiritdi. 73 kg vazn toifasida bahs olib borgan vakilimiz ippon bahosi bilan Paralimpiya oʻyinlari chempioniga aylandi.
Para-pauerlifting boʻyicha ayollar oʻrtasida 61 kg vazn toifasida hamyurtimiz Roʻza Qoʻziyeva 130 kg toshni boʻysundirgan holda kumush medalga sazovor boʻldi.
Para-yengil atletikachimiz Nurxon Qurbonova esa yadro uloqtirish bahsida bronza medaliga sazovor boʻldi. F54 toifasida kechgan bahsda Qurbonova 7.77 metr natija qayd etib, shaxsiy koʻrsatkichini ham yangiladi. Shu bilan birga ushbu natija unga bronza medalini ham taqdim qildi. Nurxon Qurbonova ikkinchi medalni qoʻlga kiritdi Ayollar oʻrtasida nayza uloqtirish bahslarida qatnashgan hamyurtimiz Nurxon Qurbonova kumush medalga ham sazovor boʻldi.
Para-yengil atletikachi Husniddin Norbekov oltin medal sohibi boʻldi. Yadro uloqtirish dasturida oʻzbekistonlik sportchi 16:13 metr natija bilan eng yaxshi koʻrsatkichni qayd etdi.
Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari qahramonlari orasida para-yengil atletikachimiz Nozimaxon Qayumovaning ishtiroki ham tahsinga loyiq. Rio-2016 da chempionlikka erishgan Qayumova Tokioda ham oʻz toifasida nayza uloqtirish bahsida tengsiz ekanligini isbotlay oldi.
Para-yengil atletikaning erkaklar oʻrtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida hamyurtimiz Boburjon Omonov Paralimpiya rekordini yangilagan holda oltin medalga sazovor boʻldi. Boburjon 14.06 metr natija qayd etdi.Taʼkidlash kerakki, bu borada jahon rekordi ham aynan Omonovga tegishli. Boburjon BAAda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 14.31 metr natija bilan dunyo rekordini oʻrnatgan edi.
Paralimpiya oʻyinlarida para-dzyudochimiz Sharif Halilov oʻz nomini sovrindorlar qatoriga yana bir bor yozdirib qoʻydi. 100 kg vazn toifasida kurashgan polvonimiz bronza medali uchun kechgan kurashda ikkinchi bor Paralimpiya oʻyinlarining medaliga sazovor boʻldi. Hamyurtimiz bundan avval London-2012 Paralimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritgandi.
Para-dzyudochimiz Dovurxon Karomatov ham Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida 81 kg vazn toifasida navbatdagi kumush medalini taqdim qildi.
Paralimpiya oʻyinlarida para-yengil atletikaning ayollar oʻrtasida yadro uloqtirish boʻyicha final bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Safiya Burxanova 14.78 metr natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi. Taʼkidlash kerakki, bu mavsumdagi eng yaxshi natija sifatida ham qayd etildi. Eslatib oʻtamiz, Safiya Burxanova Rio-2016 yozgi Paralimpiya oʻyinlarida kumush medalini qoʻlga kiritgan edi.
Para-suzuvchimiz Shohsanam Toshpoʻlatova Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarida delegatsiyamizning 15-medaliga mualliflik qildi. Hamyurtimiz 200 metr masofaga kechgan kompleks suzish dasturida bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Para-taekvondochimiz Guljanoy Naimova jamoamiz uchun Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlariga chiroyli yakun yasab berdi. Hamyurtimiz Braziliya vakiliga qarshi kechgan bahsda gʻalaba qozonib, oltin medal sohibasiga aylandi. Shiddatli kechgan jangda Naimova oʻzining aniq va ishonchli harakatlari bilan raqibasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi.
Shu tariqa, Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlarini Oʻzbekiston delegatsiyasi 19 ta medal bilan yakunlagan boʻlsa, uning oʻn bir nafari sportchi qizlarimizning gʻalabasidir. Sakkiz nafari sportchi yigitlarning mehnatidir. Bu raqamlar mamlakatimizda gender tenglikka berilayotgan eʼtiborning samarasidir desak arziydi.
Eng quvonchlisi, paralimpiyachilarimiz ham oʻz gʻalabalari bilan Mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib sovgʻa armugʻon qilishdi. Sportchilarnng orzulari, kelajakka ishonchi ulugʻvor! “Tokio-2020” musobaqasining ikki medali sohibasi Nurxon Qurbonova oʻz tuygʻularini kelajakka ishonchini shunday ifodalaydi:
– Olimp choʻqqisini zabt etish har bir sportchining orzusi. Ikkala medallarga ham osonlikcha erishishganim yoʻq. Bu sermashaqqat mehnatim, yaqinlarimning matonat sari undashi va murabbiylarimning aniq koʻrsatmalari evaziga kelgan gʻalaba, natija. Albatta, oltin medal barcha medallardan ustun. Nasib qilsa Parijda oʻtadigan Paralimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritaman va shunga harakat qilaman. Axir, harakatda barakat deydiku xalqimiz.
Matonatli, jasoratli ushbu sportchilarimizning har birini va ularning oilasini, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini, Milliy Paralimpiya qoʻmitasini va barcha sport ishtiyoqmandlarini qutlab, ezguliklar tilab qolamiz.
GUJUM. UZ