Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda Milliy paralimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, paralimpiyachilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.
Maʼlumki, mazkur musobaqa 24 avgustdan 5 sentyabrgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtdi. Unga yoshlarimiz 8 ta sport turi boʻyicha 55 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan edi. Bu shu paytgacha yurtimiz sportidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.
Paralimpiyachilarimiz yuksak matonat va mahorat koʻrsatib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Yana bir eʼtiborli tomoni, shu 19 ta medalning 11 tasini sportchi qizlarimiz qoʻlga kiritdi.
Umumiy hisobda mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar oʻrtasida oʻn oltinchi, Osiyo qitʼasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida toʻrtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi oʻrinni egalladi.
Marosimda Prezidentimiz barchani sportchilarimizning ana shu ulkan gʻalabasi bilan muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbari musobaqada gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni nomma-nom eʼtirof etib, ularning murabbiylari va ota-onalariga tashakkur aytdi.
– Sizlar erishgan yutuqlar tinimsiz jismoniy mashqlar bilan birga, kuchli ruhiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va pok niyat samarasidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ulugʻ mutafakkir bobomiz Hakim Termiziy aytganlaridek, “Inson biron narsani yoʻqotsa, qaygʻurmasligi kerak. Faqat niyatni yoʻqotsa, qaygʻurishi kerak. Chunki har qanday xayrli ish pok niyat bilan ijobat boʻladi”.
Yurtimizda sportchilarni tayyorlash va ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Olimpiada qatori Paralimpiya oʻyinlariga ham puxta tayyorgarlik uchun barcha sharoitlar yaratildi. Unda gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimizga avtomashinalar va poytaxtimizdan kvartiralar ajratildi. Prezident farmoniga muvofiq, barcha ishtirokchilar va ularning murabbiylari pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Prezidentimiz erishilgan natijalarni mustahkamlab, yanada koʻproq yutuqlarni qoʻlga kiritish uchun 2024 yilda Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik koʻrish zarurligini taʼkidladi. Bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni sportga keng jalb etib, paralimpiya harakatini rivojlantirish, iqtidorlilarni saralab, tarbiyalash, xorijdan tajribali mutaxassis va murabbiylar jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Sport taʼlimi maskanlarida paralimpiya boʻyicha boʻlimlar tashkil etilib, qoʻshimcha kvotalar ajratilishi, maxsus oʻquv dasturlari va metodika joriy qilinishi aytildi.
Kelgusi oʻquv yilidan boshlab, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi qoshida Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash institutini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Paralimpiyachilarning salomatligini mustahkamlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish, dori-darmon bilan taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
Bu yoʻnalishni qishki sport turlari boʻyicha ham rivojlantirish, “Amirsoy” togʻ-changʻi sport majmuasi hamda “Humo-Arena” muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibida “Matonat maktabi” tashkil etish taklifini bildirdi.
– Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina toʻsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʻzini yoʻqotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojoʻya yoʻllarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yoʻq emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, oʻz hayotingiz, mashaqqatli yoʻlingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtayotganingiz haqida soʻzlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi, – dedi Prezident.
Paralipiyachilarning hayotini, yutuq va zafarlarini keng targʻib qilish zarurligi ham aytib oʻtildi.
– Ular taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda oʻz munosib oʻrnini topib yashayotganining oʻzi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik koʻp xabardor boʻlsa, ulardan oʻrnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Sportchi va murabbiylar, ota-onalar soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat uchun minnatdorlik bildirdi.