Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga Londondagi Vestminster universiteti rektori Peter Bonfild tashrif buyurdi.
Peter Bonfild sobiq velosportchi boʻlib, ayni damda ushbu sport sohasida jahonning eng yetakchi mutaxassislaridan biri hisoblanadi. Xususan, 2012 yil Londonda oʻtkazilgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida velosport bahslarida musobaqa oʻtadigan hudud infrastrukturasini ishlab chiqqan.
Uchrashuvda Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov shunday deya taʼkidladi: – “Vestminster universitetining Toshkentdagi filiali yurtimizdagi eng oldi oliy oʻquv-yurtlaridan biri hisoblanadi. Bu dargoh har yili mamlakatimiz uchun yuzlab malakali kadrlarni tayyorlab berishi bilan hurmat qozongan. Mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekistonda sportni rivojlantirish yoʻlida xorijlik mutaxassislarni jalb qilishga alohida eʼtibor bermoqda. Qolaversa, mamlakatimizni rivojlantirish yoʻlidagi 5 ta muhim tashabbusdan biri ham aynan sportga qaratilgan. Sizning velosportga qiziqishingiz ushbu yoʻnalish rivojini yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman”.
Suhbat davomida Peter Bonfild yurtimizga qilgan tashrifidan olgan taassurotlari haqida gapirib berdi.
– Olimpiya harakati dunyodagi barcha insonlarni bir maqsadda birlashtiradi. Oʻtgan yili ham Oʻzbekistonga tashrif buyurgan edim. Oʻtgan bir yildagi oʻzgarishlarni, ulugʻvor islohotlarni koʻrdim. Yurtingiz xuddi afsonaviy oʻzbek velosportchisi Jamoliddin Abdujabborovning tezligidek rivojlanib bormoqda. Soʻnggi 20-30 yil ichida Buyuk Britaniyada velosport rivoji katta bosqichga chiqdi. Bunda mamlakatimizda qoʻllanilgan “UK active” loyihasi asosiy omil boʻldi. Men har doim jahonda velosport rivojlanishi tarafdori boʻlib kelganman. Bu yoʻlda qanday yordam kerak boʻlsa, tayyorman”, – dedi Peter Bonfild.
Suhbat davomida har ikki tomon oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha atroflicha fikr almashdilar.
Tilga olingan Jamoliddin Abdujabborov kim?
U 1964 yil 28 fevralda Toshkentda tugʻilgan. Professional sportchilik faoliyati davomida velosport olamining eng nufuzli musobaqalari — «Tur de Frans» poygasining 9-bosqichi, Italiyada oʻtkaziladigan «Djiro d’ Italiya» musobaqasi 1-bosqichi, «Vuelta»ning 7-bosqichi, Jahon velopoygasi 5-bosqichlarida zafar quchgan.
J. Saʼdullayev tayyorladi.