Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining oʻzaro chegaradosh boʻlgan tumanlari hududlarini oʻzgartirish boʻyicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yerning hisobini aniq yuritish va undan samarali foydalanish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash va noqonuniy qurilishlar qilish holatlarining oldini olish, tuman va shaharlarning maʼmuriy-hududiy chegaralarini toʻgʻri belgilash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari tarkibida tuzilgan ishchi guruh tomonidan bu masalada aniq chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, poytaxtimiz va Toshkent viloyatining yer maydonlari, ularning oʻzaro chegara hududlarining joylashuvi chuqur tahlil qilinib, takliflar ishlab chiqildi.
Maʼlumki, Toshkent viloyatining 5 ta tumani – Zangiota, Yangiyoʻl, Quyi Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari ayrim mahallalari Toshkent shahrining katta halqa yoʻli ichiga kirib qolgan.
Misol uchun, Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli Xonobod mahallasi poytaxtning Sergeli va Bektemir tumanlari orasida, yoki Toshkent shahriga qarashli Ulugʻbek shaharchasi toʻliq Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida joylashgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati tumanlari va shaharlarining oʻzaro chegara hududlarida ham koʻplab nomutanosibliklar mavjud.
Shu bois, aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahardan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtimizga 10196 gektar yer maydoni oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda ushbu takliflar atroflicha koʻrib chiqildi.
Poytaxtimiz aholisi izchil oʻsib, shahar infratuzilmasi rivojlanib bormoqda. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangi mavzelar paydo boʻlmoqda. Masalan, birgina Sergeli tumanida oxirgi 3 yilda 460 ta koʻp qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi. Bular boshqaruvni takomillashtirishni, aholiga qulayliklar yaratishni taqozo etadi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 29 may kuni Toshkent shahrida Yangi hayot tumanini tashkil etish masalasiga toʻxtalib oʻtgan edi. Shunga muvofiq, ishchi guruh tomonidan Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyoʻldan 263, Oʻrta Chirchiqdan 1346 gektar ajratib, Yangi hayot tumanini jami 4085 gektarda tashkil etish boʻyicha taklif ishlab chiqildi.
Yangi hayot tumani tashkil etilishi munosabati bilan Toshkent shahri tumanlari chegarasining oʻzgarishi toʻgʻrisida ham taqdimot qilindi. Shuningdek, Yangi hayot tumanida loyihalashtirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tumanning maʼmuriy markazini tashkil etishga oid takliflar koʻrib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni maʼqullab, Toshkent shahrining Bosh rejasini qayta koʻrib chiqish, shaharga qoʻshimcha berilayotgan yer maydonlariga uylar, sanoat korxonalari, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini oqilona joylashtirish, eng asosiysi, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddi rahbarlarga yuqoridagi masalalar yuzasidan tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga koʻrib chiqish uchun kiritish boʻyicha topshiriq berildi.