Poytaxtdagi yangi tumanda yangi zavod

0
150
marta koʻrilgan.

Toshkentda yaqinda tashkil etilgan Yangihayot tumanida Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushdi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu majmua ochilishini “tarixiy voqea” deb atadi.

– Harakatlarimizning asosiy maqsadi yaqin yillarda yaxlit, “noldan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan metall ishlab chiqarish klasterini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishida.  

Ushbu zavod qurilishi 2017 yil fevralda boshlangan boʻlib, qisqa muddatda bunyod etilgan ulugʻvor  korxonada  yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Bu qurilish materiallari, maishiy texnika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatidagi yuzlab korxonalarning ehtiyojini taʼminlash imkonini beradi. Ilgari bunday mahsulotlar asosan chetdan olib kelinardi.

Kelajakda ushbu zavod avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari ehtiyojini ham qoplashga xizmat qiladi.

Majmuada 700 ga yaqin kishi ishlaydi. Lekin, turdosh tarmoqlar bilan birga hisoblaganda, 5 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishi mumkin.

Tez orada yangi korxona Bekoboddagi metallurgiya kombinati bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Bekobodda qiymati 800 million dollar boʻlgan loyiha amalga oshirilmoqda – 1 million tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega quyuv-prokat majmuasi barpo etilyapti. Uning mahsulotlari Toshkent metallurgiya zavodi uchun xomashyo boʻladi. Shuning oʻzi rux va polimer qoplamali listlarning mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish imkonini beradi.

Bu yerda Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveysariya, Janubiy Koreya kabi 27 ta mamlakatdan asbob-uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Ishlab chiqarish, nazorat qilish va boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan. 

Eng muhimi, zavodda “yashil” texnologiyalar qoʻllangan. Chiqindilarni qisqartirib, qatʼiy ekologik meʼyorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.