Prezident: Adolat – davlatchilikning mustahkam poydevori. Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi

0
119
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan:

Hurmatli deputat va senatorlar!

Inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.

Xabaringiz bor, soʻnggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlarni qoʻydik. Bu yoʻnalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi.

Shu nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp.

Birinchidan, yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini taʼminlashda bosh mezon boʻlishi lozim.

Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning oʻzida koʻrib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan oʻzgartirilgan va bekor qilingan.

Kelgusi yildan boshlab, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish amaliyoti bekor qilinadi.

Navbatdagi muhim masala – yangi yildan boshlab, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.

Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi.

Bunda ishni toʻxtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.

Endi yirik investorlar, oʻz xohishiga koʻra, nizoni hal qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, fuqarolar oʻz arizalarini koʻrib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin boʻladi.

Ikkinchidan, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Jumladan, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrogʻi bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga oʻtkazilmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya nazoratiga olinadi.

Mazkur yengillik natijasida hozirda jazo oʻtayotgan 6 ming nafar shaxsga oʻz mahallasi nazorati ostida oilasi bagʻrida boʻlish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan, yangi tashkil etiladigan Insonparvarlik komissiyasiga oʻtkaziladi.

Uchinchidan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarur.

Ushbu holatlar hali ham uchrab turgani fuqarolarda jiddiy eʼtirozlarni keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani ham ayni haqiqat.

Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan ikki oy muddatda oʻz takliflarini ishlab chiqishi zarur.

Bunda, Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish boʻyicha maʼruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

Toʻrtinchidan, oʻtgan yili 1995 yilgacha yurtimizga koʻchib kelganlarga Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.

Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib, doimiy yashayotgan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar?

Bu oʻzgarish bilan yurtimizda yashab kelayotgan yana 20 ming kishi Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bundan buyon, yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va toʻqnashuvlar sharoitida biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim.

Kelgusi yilda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish boʻyicha islohotlarimizni davom ettiramiz. Xususan, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qoʻshinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida eʼtibor qaratamiz.

Kelgusi yilda jamoat xavfsizligini taʼminlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.

Huquq-tartibot idoralarini aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.

Soʻnggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir boʻlayotgan yongʻin va boshqa koʻplab noxush holatlar bu boradagi mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Yurtimizda barpo etilayotgan koʻplab yirik obyektlar va baland qavatli binolarda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning yangi tizimini tashkil etish zarur.

Shuningdek, sohaning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozim.

Shu sababli 2 oy muddatda “Favquloddagi holat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi hamda yuqorida qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilsin.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.