Prezident: ayollarni rozi qilish davlatimizning eng katta siyosati

0
196
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilon shahridagi “Narimteks” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tikuvchi ayollar bilan muloqotda boʻldi.

«Xotin-qizlarimizning hayotga munosib boʻlishida kiyinish madaniyatining oʻrni katta. Libosi oʻziga yoqsa, yarashsa, ayol kishining kayfiyati yaxshi boʻladi. Bunday chiroyli va bejirim, milliy mentalitetimizga mos kiyimlar kiygan xotin-qizlarning dunyoqarashi ham keng boʻladi. Bu yoʻnalishni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Chunki ayollarni rozi qilish davlatimizning eng katta siyosati», dedi Shavkat Mirziyoyev.

2008 yilda tashkil etilgan mazkur korxona ayollar kiyim-kechaklarini tikishga ixtisoslashgan. 2012-2015 yillarda Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarish jarayoni modernizatsiya qilingan. Zamonaviy bichish-toʻqish, bezak berish hamda tikuv mashinalari keltirib oʻrnatilgan. 

Bugungi kunda bu yerda koʻylak, kostyum, kamzul, palto, kurtka kabi 20 turdan ortiq mahsulotning 1000 ga yaqin modeli ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy fasonlarga monand tayyorlangan bu liboslar yurtimiz xotin-qizlariga maʼqul boʻlmoqda. 

Bundan tashqari, oʻtgan yili korxonada 632 ming AQSH dollarilik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 801 ming dollarga yetkazish moʻljallanmoqda.

Prezidentimiz Germaniya texnologiyasi asosida dasturlashtirilgan dekorator uskunasining ahamiyati haqida toʻxtaldi. Kiyimlarning dizayni va ranglariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi. 

«Xorijdan texnologiya olib kelishimiz mumkin. Lekin uni ishlatish mutaxassisga bogʻliq. Shuni yaxshi tushuninglarki, kechagi bilim bilan bugungi va ertangi zamonni qurolmaymiz. Shuning uchun hamisha oʻqish, oʻrganiish, dizayner va ishchilarning malakasini doimiy oshirib borish zarur», dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.