Prezident: Chilonzor tumanini industriya xabiga aylantirish kerak

0
103
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 may kuni Toshkent shahri Chilonzor sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mazkur sanoat hududida bugungi kunda 510 ta korxona boʻlib, yana koʻplab yangilari tashkil etilmoqda.

Xususan, oziq-ovqat korxonasida yiliga 7 ming tonna mahsulot, shu jumladan 10 turdagi chips tayyorlanmoqda. Yaqinda loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, mahsulotlar turi kengaytiriladi.

Mebelsozlik tarmogʻidagi korxonada yiliga 2 million metr kvadrat yogʻoch panellar ishlab chiqarilmoqda. Ularning katta qismi import oʻrnini bosishi bilan ahamiyatli.

Funksional oziq-ovqatlar kombinatida yiliga 5 million quti yodlangan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning 30 foizini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu korxonalarning ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Ularning har biri oʻziga xos yoʻnalish tanlaganiga eʼtibor qaratib, barcha hududlarda shunday korxonalarni tashkil etish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Yodning aholi salomatligi uchun muhimligini inobatga olib, mamlakatimizda yod bilan boyitilgan oziq-ovqatlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Shu yerda Chilonzor tumanida sanoatni rivojlantirish rejalari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.

— Chilonzor tumanida juda katta infratuzilma, boʻsh turgan binolar, kafolatlangan energiya resurlari bor. Faqat tadbirkorlarga mablagʻ berib, xorijiy texnologiyalar olib kelib, Chilonzorni industriya xabiga aylantirish kerak, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy loyihalar ijtimoiy sohada ham natija keltirishi zarurligiga alohida toʻxtaldi. Tadbirkorlarga koʻmak berib, faoliyatini kengaytirib, mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligiga hissa qoʻshish zarurligini taʼkidladi. Bu borada boshlangan yangi dasturdan foydalanib, tumandagi 3 ming kambagʻal va 10 ming ishsiz fuqaroni ish bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz Chilonzor tumanidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasini ham koʻzdan kechirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.