Prezident fargʻonalik faollar bilan uchrashuvda Soʻx voqealari haqida gapirdi

0
97
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida  boʻlib oʻtgan yigʻilishda  xalq bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni birgalikda hal etish, odamlarning ogʻirini yengil qilish maqsadida kelganini taʼkidladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

— Men qisqa, sizlar koʻproq gapirsalaringiz toʻgʻri boʻladi. Maqtov kerak emas. Prezidentga eng katta maqtov bu —  xalq ishonchi. Hali  birinchi qadamlarni qoʻyyapmiz. Kelib, qarsak eshitib ketish mengayam oson. Lekin bundan natija boʻlmaydi. Tumanlarga oʻzim borishimning sababi — odamlarning yashash sharoitlarini yuragimdan oʻtkazib, aniq choralar koʻrish, islohotlar uzoq-uzoq joylarda ham natija beryaptimi, quyi tizimdagi rahbarlar sadoqat bilan, jon kuydirib ishlayaptimi, degan savollarga javob topish. Har kuni bunday uchrashuv boʻlmaydi. Achchiq-achchiq masalalarni qatʼiy qoʻyinglar, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari oʻtgan hafta Soʻx tumanida boʻlgan voqealarga ham toʻxtalib, munosabat bildirdi.

— Keyingi yillarda qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi koʻp muammolarni hal qilishga erishdik. Soʻxdagi voqealar qirgʻiz xalqi bilan doʻstligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga taʼsir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli boʻlishimiz zarur. Qoʻshnichilik — ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh boʻlib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan muammolar oʻrganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan. 2020-2022 yillarda Soʻx tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard  soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilangan va 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan.

 Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish uchun 98 ta loyiha amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad soligʻi stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. 1 ming gektar ekin yerlarida suv taʼminoti yaxshilanadi.

Tuman tibbiyot birlashmasi boʻlimlari, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, markaziy shifoxona tibbiy asbob-uskunalar va maxsus reanimobil bilan taʼminlanadi. Maktablar, qishloq vrachlik punktlari, yoʻllar va ijtimoiy obyektlar taʼmirlanadi.

Soʻxlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qoʻshimcha 500 ta oʻrin ajratiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.