Prezident ilk bor Parlamentga murojaatnoma taqdim etmoqda

0
105
marta koʻrilgan.

Ayni damlarda poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda, deya xabar bermoqda prezident. uz  saytida.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis va hukumat aʼzolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha boʻgʻindagi ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etmoqda.

Yigʻilishda Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnomasi taqdim etilmoqda.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, koʻplab taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament aʼzolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish boʻyicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.

Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga gʻoyat uygʻun va hamohang boʻlib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi oʻsib bormoqda.

2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha maʼno-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yoʻlida birinchi qadamlar qoʻyildi. Jumladan, qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirildi. Bu kelasi yil qoʻshimcha 1,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

Milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyildi. 336 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Ijtimoiy sohani isloh qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi ham bosqichma-bosqich taʼminlanmoqda. Joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshladi. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va koʻp qavatli uy-joylar barpo etildi.

12 ta umumtaʼlim maktabi yangidan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital taʼmirlandi. 107 ta maktabgacha taʼlim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bogʻcha kapital taʼmirlandi. Maktabgacha taʼlim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. 11 yillik taʼlim qayta tiklandi.

Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy taʼlim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki boʻlimlar ochildi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi.

Ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va sanʼat muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Doʻstlar klublari” tashkil etildi.

2017 yil jismoniy tarbiya va sport sohasi boʻyicha ham katta ishlar qilindi. Yakuniga yetib borayotgan yilda oʻzbekistonlik sportchilar boks, dzyudo, taekvando, ogʻir atletika, erkin kurash, sambo boʻyicha oʻtkazilgan turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017 yil ayniqsa oʻzbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa boʻldi. Sentyabr oyida Turkmanistonda boʻlib oʻtgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi yigʻilishida ushbu milliy sport turini Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi.

Oʻtgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSH dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.

Yigʻilishda 2018 yilga qanday nom berish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarga batafsil toʻxtalib oʻtadi.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.