Prezident madaniyat va sanʼat sohasi rahbarlari bilan yigʻilish oʻtkazdi

0
196
marta koʻrilgan.

Shu yil 25 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida  madaniyat va sanʼat sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, mamlakatimizda barcha tarmoqlar qatori madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilib, bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Ayniqsa, shu yil 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Ana shu uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va sanʼatimizni rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilinib, ularni hal etish yoʻllari, ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar koʻrsatib berilgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 22 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida ham mazkur soha rivojiga alohida urgʻu berilib, xalqimiz, jamiyatimizning maʼnaviy yuksalishida madaniyat va sanʼat ahli oldida turgan vazifalar aniq bayon qilindi.

Boʻlib oʻtgan majlisda ana shu vazifalarni bajarish boʻyicha Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va ijodiy tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Ularning faoliyatiga tanqidiy baho berilib, bu boradagi ishlarni faollashtirish va yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha jadal ish olib borilmoqda. Shunga qaramay, majlisda Badiiy akademiya faoliyatida bir qator kamchilik va muammolar uchrayotgani, ularni tezlik bilan bartaraf etish lozimligiga eʼtibor qaratildi.

Tegishli mutasaddi rahbarlarga P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejida 400 oʻrinli, Respublika dizayn kollejida 200 oʻrinli oʻquvchilar turar-joyini qurish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlash yuzasidan topshiriq berildi.

Majlisda madaniyat va sanʼat sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan ijodiy va texnik xodimlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning uy-joy, ijtimoiy va tibbiy sharoitlarini yaxshilash, gonorarlar miqdorini oshirish, yosh isteʼdod egalarining salohiyatini yuzaga chiqarish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish gʻoyat muhim vazifalardan biri ekani alohida qayd etildi.

Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz kerak: mamlakatimizda madaniyat va sanʼat taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi, dedi Prezidentimiz. Xalqimizning rivojlanish darajasi avvalo milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu maʼnoda, madaniyat – bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz Oʻzbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni avvalo milliy madaniyatimizni rivojlantirishimizdan boshlashimiz lozim.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.