Prezident mahalladagi oʻzgarishlarni koʻzdan kechirdi

0
9
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi Xushnud mahallasida boʻlib, aholi hayoti, hududdagi oʻzgarishlar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mahalla yangi – 2021 yil tashkil etilgan. Bu yerdagi 48 ta koʻp qavatli uy hamda 625 ta hovlida 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bolalar bogʻchasi, sport maktabi, oilaviy poliklinika, xususiy klinika, ishlab chiqarish korxonalari, doʻkon va maishiy xizmat shoxobchalari bor. Bu yil 49 ta mikroloyiha orqali 116 nafar fuqaro bandligi taʼminlandi. 

Avvallari bu joylar chekka, koʻrimsiz edi. 2018 yildan boshlab zamonaviy uylar, bolalar oʻyingohi va sport maydonchalari qurildi. Atrof obodonlashtirildi.

Mahallaning uch qavatli binosi ham shu yil yangi bunyod etildi. Uning birinchi qavatida mahalla raisi va xodimlarinig xonalari, kutubxona, jadidlar burchagi joylashgan. Yuqori qavatlarda aniq fanlar va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv markazi, fitnes zal faoliyat olib bormoqda. Yertoʻla qismida yoshlarni kasbga yoʻnaltiruvchi monomarkaz tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular soʻnggi yillarda Yangihayot tumani jadal oʻzgargani, yangi transport yoʻllari va korxonalar qurilib, hayot jonlanganini aytishdi.

– Bugun kelishimizdan maqsad qabul qilayotgan qarorlarimiz natijasini, odamlar hayotini koʻrish. Xuddi bu tumandagiday, har bir hududni rivojlantirish, odamlarga qulayliklarni va ish joylarini koʻpaytirishga harakat qilayapmiz. Shu bilan birga, taʼlim-tarbiyaga, madaniyatga katta eʼtibor qaratayapmiz. Bilim va maʼnaviyat mustahkam boʻlsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.   

Prezident mahalladagi 150 oʻrinli, zamonaviy sharoitlar yaratilgan xususiy bogʻcha faoliyati bilan ham tanishdi. U joriy yilda foydalanishga topshirilgan 16 qavatli uyning birinchi-ikkinchi qavatida joylashgan. Muassasa xonalarini jihozlashda zamonaviylik va milliylik uygʻunlashuviga alohida eʼtibor qaratilgan.

Mahallada yosh bolali ayollar koʻp. Ular uchun shu yerga yaqin joylarda tikuvchilik, qandolatchilik kabi yoʻnalishlarda ish oʻrinlari yaratilmoqda. Mazkur bogʻcha ular uchun ancha qulay boʻldi. Koʻngli xotirjam ish bilan band boʻladi, oilasiga qoʻshimcha daromad keltiradi.

Mamlakatimizda muhim dasturlar aynan mahallalarda amalga oshirilayotgani, tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilayotgani taʼkidlandi. Bu ishlar ulardagi obodlik, aholi farovonligida ifodasini topayotgani qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.