Prezident mahallalardagi sharoitni koʻzdan kechirdi

0
92
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Sarxumdon mahallasiga bordi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Vazirlik va idoralarni quyi boʻgʻinga tushirib, joylardagi muammolarni hal etish, barcha dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi.

Sarxumdon mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Ichki yoʻllar, maydonchalar obod qilingan. Yaqinda bu yerda yangi Mahalla guzari qurildi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar oʻyingohi, harbiy vatanparvarlik maydonchasi tashkil etildi.

Mahallada 6 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi. Bu yerda 45 ta koʻp qavatli uy, maktabgacha taʼlim muassasasi va xususiy maktab bor. Oʻndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.

Prezidentimiz mahalladagi sharoitlarni koʻrdi. Harbiy vatanparvarlik maydonchasi bilan tanishuv chogʻida bu yerga askar va sportchilarni jalb etib, yoshlarni milliy gʻurur va mardlik ruhida tarbiyalash yuzasidan tavsiyalar berildi.

Mahallada «Yashil makon» loyihasi doirasida koʻchatlar ekilib, moʻjaz bogʻ barpo etilgan. Shavkat Mirziyoyev mahalla oqsoqollari bilan birga ushbu boqqa koʻchatlar oʻtqazdi. Nuroniylar yurtimizga hamisha tinchlik, xalqimiz farovonlik tilab duo qildi.

Davlatimiz rahbari kutilmaganda Gulobod mahallasiga ham oʻtib, mavjud holatni koʻzdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.
93 yoshli Anvarxoʻja ota Prezidentimizni duo qildi. Mahalladagi oʻzgarishlarni taʼkidlab, otalar choyxonasi qurib berishni soʻradi. Shavkat Mirziyoyev bu taklifni qoʻllab-quvvatlab, otaxonga mustahkam sogʻlik tiladi.

Gulobod mahallasida Shayxontohur tumani Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda 41-umumtaʼlim maktabi joylashgan. Prezidentimiz mazkur maktablarni ham kirib koʻrdi, oʻqituvchilar bilan gaplashdi.

— Koʻrayapsizlar, taʼlim bilan muallimga sharoit yaratishga harakat qilayapmiz. Bugun bu yerga kelib, oʻzimga koʻp xulosa qildim. Bu maktab binosini ham yangilaymiz. Fanlar uchun, sport uchun yaxshi sharoitlar boʻladi. Bugun bir tarixiy kun boʻlib qoladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mahallalar aholisi bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.