Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 20 fevral kuni «Prezident maktablarini tashkil etish chora — tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 18 noyabrda Nukus shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvida har bir viloyatda Prezident maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida gapirgan edi. Yuqoridagi Prezident Qarori bilan ushbu ezgu tashabbus amalga oshadigan boʻldi.
Ushbu qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasasi shaklidagi Prezident maktablari tashkil etilishi taʼkidlanib, Prezident maktablarining asosiy maqsad va vazifalari belgilab berildi.
Hujjatda shunday deyiladi:”Yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning huquqiy ong va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish xalq taʼlimi sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatning kelgusidagi jadal taraqqiyoti yosh isteʼdodlarni aniqlash, iqtidorli bolalarni tanlab olish va oʻqitish tizimini tashkil qilish, oʻsib kelayotgan avlodning intellektual imkoniyatlarini namoyon etishga yordam beruvchi koʻp tarmoqli taʼlim muhitini yaratish boʻyicha ishlar sifatini oshirish zaruratini taqozo etmoqda”.
Prezident maktablarining asosiy maqsadi taʼlim jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va oʻqitish, ragʻbatlantirish hamda kelgusida ularni salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib koʻmaklashishdir. Shuningdek, oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish, yetakchilik koʻnikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash kabi koʻnikmalarni shakllantirishdan iborat boʻladi.
Maʼlum qilinishicha, 2019 yilda dastlabki maktablarning qurilishi bir vaqtning oʻzida Toshkent va Nukus shaharlarida, hamda Xorazm viloyatida boshlanadi. Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda Toshkent, Nukus va Xiva shaharlaridagi Prezident maktablarining qurilishi 2019 yil 20 avgustga qadar bitkazilishi va ishga tushirilishini taʼminlash belgilangan.
Bunyodkorlik ishlari bosqichma bosqich amalga oshirilib, Prezident maktablari 2020 yil 20 avgustga qadar Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida, 2021 yil 20 avgustga qadar esa Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishga tushirilishi koʻrsatib oʻtilgan. Prezident maktablariga qabul qilish respublika umumtaʼlim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasidan Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga koʻra amalga oshiriladi. Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar oʻquvchidan iborat boʻlib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan oʻquvchi taqsimlanadi. Birinchi oʻquv yilida esa 5-10-sinflarga 144 nafardan oʻquvchi qabul qilinadi.
Oʻquv jarayoni xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM — taʼlim» (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiya, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktabining 9-11-sinflarida taʼlim berish ham oʻziga xos qilib belgilanayapti. Oʻquvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda, ayrim fanlar va ularni oʻrganish darajasini tanlab olish orqali oʻquv jarayonini individuallashtirish nazarda tutiladi.
Shuningdek, Prezident maktablarida oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda asosiy oʻquv dasturi bilan birgalikda sinfdan tashqari amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish nazarda tutiladi. Oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor beriladi.
Qarorda oʻquvchilarni oʻqitish va bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek, taʼlim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan oʻqitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq taʼlimi tizimiga tatbiq etish ham belgilangan.
Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʻladilar, bu esa oʻz navbatida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Prezident maktablari bevosita Vazirlikka boʻysunadi. Vazirlikka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 mayga qadar Prezident maktabi haqidagi nizomni tasdiqlash boʻyicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish yuklatilgan.
Vazirlik huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi – Prezident maktablari faoliyatining metodik va axborot-tahliliy taʼminoti uchun masʼul tashkilot etib belgilangan. Qarorda ushbu maskan oʻquvchilarini bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan taʼminlash ham belgilangan.
Shuningdek, qarorda Prezident maktablari xodimlarini, shu jumladan, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni tanlab olish, yollash va ular mehnatiga haq toʻlash masalalariga ham eʼtibor qaratilgan.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu bilim maskanlari bolalarning iqtidorini tarbiyalashga, isʼtedodini yanada rivojlantirishga, mamlakatimizning kelajagi boʻlgan farzandlarning talim — tarbiyasiga, ilm-fanni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi. Ushbu maskandan kelajakda Beruniylar, Xorazmiylar, Mirzo Ulugʻbekdek buyuk siymolar yetishib chiqadi deb umid qilamiz.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist