Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
30 avgust kuni Koʻksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.
Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yigʻilganlarni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatimizda erishilayotgan natijalarning asosi, saʼy-harakatlarning mohiyati haqida yurakdan soʻzladi.
– Biz nima uchun mehnat qilayapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxtu kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga oʻxshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan gʻururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman, – dedi Prezident.
Bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermoqda. Shaharu qishloqlar qiyofasi, barcha soha va tarmoqlar tubdan oʻzgarmoqda. Iqtisodiyot, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya sohalarida keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Bularning natijasini odamlar oʻz hayotida koʻrmoqda.
Mamlakatimiz katta taraqqiyot yoʻliga chiqib olganini dunyo ham eʼtirof etayapti. Oʻzbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyusiyalari qabul qilindi. Yirik siyosiy va iqtisodiy forumlarda ilgari surilgan koʻplab tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan katta eʼtibor bilan qabul qilindi va qoʻllab-quvvatlandi.
Uzoq va yaqin davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, turizm va investitsiya, madaniy-gumanitar sohalarda foydali bitimlar imzolandi. Yurtimizda xalqaro darajadagi nufuzli anjumanlar boʻlib oʻtdi. Sanʼat va madaniyat festivallari, Olimpiya oʻyinlaridagi tarixiy gʻalaba ham ulkan eʼtiroflarga sazavor boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda, bunyodkor xalq, bagʻrikeng millat sifatida jahon maydoniga chiqdik.
Davlatimiz rahbari bularning barchasi xalqimizning yutugʻi ekanini taʼkidladi.
– Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men oʻzimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun Vatanimizga jonkuyar, oʻzini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yanada koʻproq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi koʻzlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Uchrashuvda bugun dunyodagi vaziyat, unda oqilona yoʻl topish mashaqqati haqida ham soʻz yuritildi. Shiddat bilan oʻzgarayotgan davr mamlakatlar, xalqlar, insonlar oldiga yangi-yangi masalalarni qoʻymoqda. Butun dunyoda raqobat, ertangi kun uchun kurash ketyapti. Shunga tayyor millat, shunga tayyor xalqgina Vatani va davlatini munosib oʻringa koʻtara oladi.
Kelajakda global dunyoda Oʻzbekistonning oʻrni qanday boʻladi? Biz oʻz mehnatimiz, bilimimiz, dunyoqarashimiz bilan el-yurtga qanchalik naf bera olayapmiz? Bu savollar hammamizni oʻylantirishi kerak.
Mustaqillik bizga chinakam qadr-qimmat, insoniy gʻurur tuygʻusini berdi. Shu bilan birga, mustaqillik – bu, avvalo masʼuliyat degani. Oʻz taqdiri, oʻz kelajagini oʻzi belgilash, obod va ozod Vatan qurish masʼuliyati.
Bugungi yutuqlar biz uchun chegara emas. Xalqimiz bundan-da yaxshi yashashga munosib, katta ishlarga qodir. Agar hammamiz “bir musht” boʻlib, oʻz vazifamizni vijdonan bajarsak, islohotlarda tomoshabin emas, faol ishtirokchi boʻlsak, koʻzlangan maqsadlarga albatta yetamiz. Buning uchun bizda sharoit, imkoniyat, kuch-qudrat, salohiyat yetarli ekani taʼkidlandi.
Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan vatandoshlarimizni ham tabrikladi.
– Mukofot aslida nima? Mukofot – bu avvalo inson qadrini ulugʻlash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan eʼtirof etilsa, bundan uning oʻzi, oilasi, doʻstlari, mahalla-koʻy, qolaversa, el-yurt ham xursand boʻladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom koʻrsatish, – dedi davlat rahbari.
Shundan soʻng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
– Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha koʻp boʻlsa, men ham mukofotlashdan charchamayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.