Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilgʻor ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Armiya qobiliyatini mustahkamlashda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi bilan bir qatorda mudofaa sanoatini rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda zamonaviy mudofaa sanoatiga asos solingani tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarogʻlarni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish va istiqbolli ishlanmalarni qoʻshinlarda joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar boʻyicha startap loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Tashrif chogʻida harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi.
Davlatimiz rahbari bu birinchi qadamlar boʻlganini aytib, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish, bunda innovatsion texnologiyalar va sunʼiy intellektdan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, buyurtma asosida sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etib, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulot turlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, mutaxassislarni tizimli tayyorlash, yangi texnikalar boʻyicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 17-21 fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) boʻlib oʻtayotgan «IDEX-2025» koʻrgazmasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda. Xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uygʻotgan «Arslon 8×8» va «Arslon 6×6» zirhli transportyorlar, «Toʻfon» oʻziyurar gaubitsasi shular jumlasidan.
Tashrif yakunida Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini koʻrsatib, mutasaddilar oldiga mahsulotlarning yuqori sifatini taʼminlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi oʻrnini mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar qoʻydi.