Prezident olis Tomdi tumanidagi zamonaviy korxonani borib koʻrdi

0
136
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida olis Tomdi tumaniga ham bordi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishib, odamlar bilan suhbatlashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta zavod boʻlgan boʻlsa, undan keyingi yillarda 4 ta gidrometallurgiya zavodi qurildi. Natijada rudani qayta ishlash hajmi 3 martaga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshdi. Bu jarayonda, oʻz oʻzidan, togʻ massasini qazib chiqarish ham koʻpayadi va katta hajmda chiqindilar hosil boʻladi.

 Yangi korxona ushbu texnogen chiqindilardan oltin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Shu bois u 7-gidrometallurgiya zavodi deb ham ataladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 3,4 milliard dollarlik 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur zavod ushbu loyihalardan biridir.

Umumiy qiymati qariyb 200 million dollar boʻlgan ushbu korxona yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlab, 7 tonnadan ortiq oltin ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eʼtiborlisi, bunda foydalaniladigan chiqindilar 2040 yilgacha yetadi.

Zavod qurilishida yengil konstruksiyalar va energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilgan. Ilgari chetdan olib kelinadigan koʻplab asbob-uskuna va butlovchi materiallar mahalliylashtirilgan. Xususan, ular Navoiy mashinasozlik zavodi va kon boshqarmalaridagi sexlarda tayyorlanmoqda. Kimyoviy ishlov berish jarayonida ham mahalliy mahsulotlardan foydalanilmoqda.

Bular tannarxni yanada arzonlashtirishda muhim omil boʻlayotir.

Korxonada 1 ming 100 dan ortiq kishi ish bilan taʼminlandi. Bu yerga Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan yosh mutaxassislar va mahalliy aholi qabul qilindi.

Prezidentimiz korxona jamoasi, tomdilik faollar, yoshlar bilan suhbatlashdi.

— Soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda yerosti boyliklarini oʻzlashtirish ishlari 30 foizga oshdi. Sanoatimizga yangi, ilgʻor texnologiyalar kirib keldi. Eng muhimi, bu zamonaviy korxonalarda ishlay oladigan bilimli mutaxassislar yetishib chiqayapti. Davlatimiz uchun yerosti boyliklaridan ham qadrli boylik bu — sizlarsiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata.

Shu yerda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqotda boʻlib, bugun ishga tushirilgan korxonalarning iqtisodiy samaradorligi, sanoat sohasidagi rejalar haqida soʻzlab berdi.

Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.