Davlatimiz rahbari kecha poytaxtga qaytishdan avval Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyi hamda«Saxovat» uyida boʻldi. Sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashdi.
— Sizlar hammalaringiz mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. Shuni bilinglarki, bugun ogʻir kunlar boʻlsayam, Alloh taoloning yorugʻ kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaringiz, oilani eslashlaringiz, orzu-umidlaringiz ortida Allohning marhamati, ertangi kun quvonchi bor. Bu dunyoda kim baxtli boʻlishini kelajak koʻrsatadi. Sizlarning baxtli boʻlishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni oʻylayapmiz. Bir martalik emas, qonun jihatidan. Bu yerni tamomlagandan keyin uy bilan taʼminlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni koʻrish nasib etsin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident «Saxovat» uyini ham borib koʻrdi. Uning binosi 1982 yilda qurilgan.
— Menga Oʻzbekistonning har bir fuqarosi birdek qadrli. Bugun juda ogʻir kun boʻldi, koʻp masalalarni muhokama qildik. Samolyotga oʻtirib, qaytish oldidan koʻnglimdan sizlar oʻtdingiz. Shu muammoni hal qilmasdan ketamanmi, deb oʻyladim. Menga «Saxovat» uylariga ehtiyoji boʻlgan nuroniylardan juda koʻp xatlar keladi. Shularni inobatga olib, ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. Toʻrt oy ichida Namangan shahrida «Saxovat» uyi uchun yangi bino qurib beriladi. Sizlar munosib sharoitlarda yashaysiz, davolanasiz. Sizlarga sogʻliq va uzoq umr tilayman, — dedi davlatimiz rahbari.
Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilishdi.
Shuning bilan Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.