Prezident Shavkat Mirziyoyev Pxanmunjomda koreyalararo sammit muvaffaqiyatli oʻtgani munosabati bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inga tabrik yoʻlladi

0
114
marta koʻrilgan.

Koreya Respublikasi Prezidenti 
Mun Chje In Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Sizni 2018 yil 27 aprel kuni koreys xalqi tarixida tom maʼnoda unutilmas voqeaga aylangan Pxanmunjom sammitining muvaffaqiyatli oʻtgani bilan samimiy qutlayman.

Ushbu uchrashuvning butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida boʻlgan inqilobiy natijaga Sizning qatʼiy irodangiz, Koreya Respublikasi hamda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash, global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, shuningdek, mintaqada oʻzaro ishonch muhitini mustahkamlashga  qaratilgan tinchlikparvarlik siyosatini amalga oshirish yoʻlidagi tinimsiz saʼy-harakatlaringiz tufayli erishildi.

Muzokaralar samimiy va doʻstona muhitda oʻtgani, uning yakunlari boʻyicha qabul qilingan ikki davlatni yaqinlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarni koʻzda tutuvchi tinchlik, taraqqiyot va Koreya yarim orolining birlashishi haqidagi Pxanmunjom deklaratsiyasi Koreya Respublikasi va KXDR oʻrtasidagi hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid va ishonch uygʻotmoqda.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hudud yaratish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolidagi denuklearizatsiya jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa, shubhasiz, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish va mintaqada integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sizning temir yoʻl va avtomobil qatnovini tiklash toʻgʻrisidagi tashabbusingizni alohida taʼkidlashni istardim. Bu Koreya yarim orolining butun Yevroosiyo mintaqasi, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligini kengaytirish, uni yagona logistika tizimi va jadal savdo-iqtisodiy aloqalarga ega mintaqaga aylantirish uchun yangi istiqbollar taqdim etadi.

Muhtaram janob Prezident,

Koreya Respublikasining strategik sherigi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi bundan buyon ham Koreya xalqining yaqinlik, Koreya yarim orolida umumiy taraqqiyot va farovonlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash yoʻlidagi faol amaliy qadamlarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi. 

Koreya xalqining boʻlinib ketgan oilalarni birlashtirish, aloqalarni tiklash haqidagi koʻp yillik orzusi bir kun kelib albatta amalga oshadi, mintaqada esa barqaror tinchlik va farovonlikka erishiladi.

Siz, qadrdon doʻstim va aziz birodarimga mustahkam sogʻlik, Koreya sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Zero, bu kelishuvlar mintaqada va butun dunyoda vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirishga tarixiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz. 

Siz bilan Oʻzbekiston zaminida yana uchrashishni sabrsizlik bilan kutib qolaman!

Yuksak ehtirom bilan,

                                                        Shavkat Mirziyoyev,
                                                        Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.