Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisi Shukurjon Zuhurovni qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi oʻzaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar boʻyicha yakdil kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Ayniqsa, davlat chegarasi boʻyicha shartnoma va fuqarolarning oʻzaro qatnoviga qulaylik yaratishga oid bitim mamlakatlarimiz munosabatlari, xalqlarimizning doʻstona aloqalariga zamin boʻlishi alohida taʼkidlandi. Avtomobil va temir yoʻllarning ochilgani, Ishbilarmonlar kengashi tuzilgani ham bu borada muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Oliy darajada imzolangan hujjatlarni ratifikatsiya qilish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalariga toʻtalib oʻtildi. Qonun chiqaruvchi organlardagi doʻstlik guruhlari ishini faollashtirish, oʻzaro tashriflar va tajriba almashinuvni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikka doir barcha masalalar hal etilib, uni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingani taʼkidlandi. Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xoʻjaligi, suv-energetika, soliq, turizm, fan-taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik kabi sohalardagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirish boʻyicha imzolangan hujjatlar yuqori baholandi.
Xususan, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejasi ikki mamlakat hukumatlariga katta masʼuliyat yuklashi taʼkidlandi. Muloqotda mazkur kelishuvlarni bajarish, savdo aylanmasini koʻpaytirish va tarkibini diversifikatsiya qilish, biznes uchun qulay muhit yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini, buning uchun barcha zarur sharoit yaratilishini taʼkidladi.
Qohir Rasulzoda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya hamraisi sifatida oʻzaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish, qoʻshimcha imkoniyatlar boʻyicha takliflar tayyorlashga alohida ahamiyat berishini qayd etdi.
Ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalari oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirish, qoʻshma korxonalar tashkil etish, tranzit yuk tashishni koʻpaytirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi.
Tojikiston davlati va xalqining bu voqeadan xursandligi butun tashrif davomida, har bir jabhada yaqqol sezilib turdi.
Shavkat Mirziyoyevni Dushanbe xalqaro aeroportiga Emomali Rahmonning oʻzi kuzatib qoʻydi. Bu ham protokolda koʻzda tutilmagan, ilgari kuzatilmagan holat boʻldi.
Ushbu tashrif oʻzaro munosabatlar tarixida Oʻzbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir.
Ushbu uchrashuvlar, muzokaralar mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi, uni amaliy mazmun bilan boyitdi.
Prezident.uz sayti materiallari asosida R. Zaripova tayyorladi.