Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni navbatdagi videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Bugunga kelib yurtimizda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 15 mingdan oshgani, koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 8 mingdan ortiq kishi sogʻaygani qayd etildi. Afsuski, ushbu virus tufayli qariyb 80 nafar fuqaro vafot etgan.
– Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yoʻq. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa – ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini koʻrishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, begʻam boʻlsak, minglab odamlarning sogʻligʻi va taqdirini xavf ostiga qoʻyamiz, vaziyatimiz yanayam ogʻirlashadi. Eng qoʻrqinchlisi, oʻlim soni keskin koʻpayadi.
Eslatish joiz, davlatimiz rahbari oʻzining avvalgi chiqishlarida pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan oʻzgartirish keraklagi haqida gapirgan edi. Bugun ham shu masalaga toʻxtalar ekan, hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng taʼsirchan vositalarni ishga solish zarurligini taʼkidladi.
– Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda boʻlishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlishi shart, – deya soʻzida davom etdi Prezident. – Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz.
Bu borada eng katta masʼuliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib oʻtildi. Buning uchun ularda oʻz hududlaridagi mavjud vaziyat haqida toʻliq va haqqoniy maʼlumotlar boʻlishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi taʼkidlandi.
– Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va masʼullarning miyasi soat mexanizmiday kunu tun, aniq va bexato ishlashi lozim, – dedi davlatimiz rahbari. – Afsuski, biz koʻpincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qoʻlimizda aniq maʼlumot, asoslangan tahliliy materiallar yoʻqligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur boʻlsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni toʻliq tiklab olishimiz kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yigʻilishida yana bir bor xalqimizga murojaat qilib, jumladan, shunday dedi:
– Har birimiz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimizning sogʻligʻi va taqdiri uchun avvalo oʻzimiz masʼul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Shu munosabat bilan xalq vakillari boʻlgan deputatlarimizdan, ijodkor ziyolilarimiz, hurmatli jurnalistlarimiz, mahalla faollaridan iltimos qilaman: pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy masʼuliyati haqidagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak.
Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsa, oʻzi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsa.
Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib oʻtamiz, – deya taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, 15 iyul kuni Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar qattiq tanqid qilinib, aniq vazifalar belgilangan edi. Bu borada koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar boʻyicha Toshkent shahri hokimi, Bosh prokuror va boshqa mutasaddi rahbarlar hisobot berdi.