Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 sentyabr kuni Namangan viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari dastlab Namangan shahri Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” sanoat shaharchasida boʻlib, “Glass yexpo” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda oynaga milliy naqshlar va zamonaviy dizaynlar asosida ishlov beriladi. Korxona 2019 yilda ishga tushirilgan edi va izchil rivojlantirib borilmoqda. Bu viloyatda oyna mahsulotlarini mahalliylashtirish, import oʻrnini toʻldirishda muhim omil boʻlmoqda. Korxona toʻla quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 1 million 200 ming dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniga ega boʻladi.
Prezidentimiz korxonadagi ish jarayoni, mahsulotlar namunalarini koʻrdi.
Shu yerda tadbirkorlar bilan muloqot boʻldi.
– Oʻzbekistonning ertangi kuni – tadbirkorlar. Biz besh yil davomida siyosat nuqtai nazaridan hamma bozorni ochishga harakat qildik. Endi sizlar sifat, raqobat, eksport boʻyicha ishlashingiz kerak. Rejalaringiz baland boʻlishi, har kuni izlanishingiz zarur. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi bunda sizlarga koʻmakdosh boʻladi, loyihalarga investor boʻlib kiradi.
Avgust oyida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda yana koʻplab rejalarni belgilab oldik. Kelgusida ular boʻyicha qarorlar qabul qilinib, qoʻshimcha sharoitlar yaratiladi. Muhit shunday boʻlishi kerakki, ishsiz yoshlar tadbirkorga, kichik tadbirkorlar katta, jozibador investorga aylanishi kerak.
Davlatimiz rahbari Yuksalish mahallasiga avval ham kelgan, hududni sanoat shaharchasiga aylantirish, bu yerda yashovchi aholi uchun ish oʻrinlari yaratish yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi.
Bu galgi tashrif chogʻida Shavkat Mirziyoyev hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.
Oxirgi uch-toʻrt yilda mahalla ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu yerda 71 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda 5 ta, kelgusi yili 11 ta koʻp qavatli uy qurib bitkaziladi.
Tadbirkorlarga zamonaviy sharoitlar yaratish, aholini ish bilan taʼminlash maqsadida mazkur hududda “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etilgan.
“Yuksalish” kichik sanoat zonasida jami 1,2 trillion soʻmlik 96 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 7 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgan.
“Yoshlar” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 804 milliard soʻmlik 60 ta loyiha, “Kushon” hududida 1,6 trillion soʻmlik 129 ta loyiha joylashtirilgan. Ularda, mos ravishda, qariyb 5 mingta va 13 mingta ish joyi tashkil etiladi.