Prezident zamonaviy klinikani borib koʻrdi

0
178
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida ochilgan koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.

“Zarmed pratiksha hospital group” nomli ushbu qoʻshma korxona Oʻzbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Uning taʼsischilaridan biri Nishant Bajajning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi, ishbilarmon doiralar oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvlar hamkorlikka ishonch tugʻdirgan.

Qoʻshma korxonaning dastlabki loyihasi boʻlgan mazkur tibbiyot markazi uchun 8,5 million AQSH dollari sarflangan.

Koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 5 ta jarrohlik amaliyoti xonasi, 100 oʻrinli statsionar mavjud. Intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya faoliyat turlari uchun zamonaviy diagnostika uskunalari oʻrnatilgan. Bir vaqtning oʻzida 600 kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda koʻrsatiladi. Markazda 140 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

– Mamlakatimizda xususiy tibbiyotga sharoit yaratilgani natijasida mana shunday zamonaviy klinikalar koʻpaymoqda. Endigi vazifa bemorlarga sifatli xizmat koʻrsatib, odamlarning ishonchini qozonish. Davolanish uchun chet elga ketmoqchi boʻlganlarni ham jalb etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga Samarqandda xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish, xorijda ishlab yurgan samarqandlik shifokorlarni ishga taklif etish uchun viloyat hokimligida jamgʻarma tuzib, ularni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.